
«Tashabbusli budjet»ning bu galgi mavsumida 1 ming 253 ta mahalla qatnashmaydi
Avvalgi 2 ta mavsumda ketma-ket g‘olib bo‘lgan 1 ming 253 ta mahallaga tanaffus e’lon qilindi.

«Tashabbusli budjet» dasturining navbatdagi bosqichida avvalgi ikki mavsumda ketma-ket g‘olib bo‘lgan 1 ming 253 ta mahallaga tanaffus berildi. Shu sababli ushbu mahallalar 2026 yilgi birinchi mavsumda mustaqil ravishda loyiha kiritish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.
Amaldagi tartibga muvofiq, ketma-ket ikki mavsumda g‘olib bo‘lgan mahallalar uchun navbatdagi ikki mavsumda loyiha kiritish cheklovi qo‘llaniladi. Shu asosda 2026 yil 1-mavsumida ishtirok eta olmaydigan mahallalar ro‘yxati shakllantirilgan. Ro‘yxat bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.
Shu bilan birga, ayrim hududlar uchun istisno saqlab qolingan. Xususan, 23 ta tuman va shaharda mavjud mahallalar soni 15 ta va undan kam bo‘lgani sababli, ushbu hududlardagi mahallalarga tanaffus qo‘llanmadi.
Ma’lumot uchun, tanaffus berilgan mahallalar uchun loyiha faoliyati to‘liq cheklanmaydi. Ushbu mahallalar sherikchilik asosida, ya’ni boshqa mahallalar bilan hamkorlikda loyihalarni ilgari surish imkoniyatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1-fevral kunidan «Tashabbuskor xalq uchun — yangi imkoniyatlar mavsumi» shiori ostida «Tashabbusli budjet» jarayonining navbatdagi bosqichi start oladi.





