
«Tashabbusli budjet»ning yangi mavsumi qachondan boshlanishi ma’lum bo‘ldi
2026 yil 1-fevraldan fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Tashabbusli budjet»ning o‘ninchi mavsumi boshlanadi.

2026 yil 1-fevral kunidan «Tashabbuskor xalq uchun — yangi imkoniyatlar mavsumi» shiori ostida «Tashabbusli budjet» jarayonining navbatdagi bosqichi start oladi.
Mazkur tashabbus aholining mahalliy muammolarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirish, budjet mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida yo‘naltirishga qaratilgan.
Loyihalar qachondan qabul qilinadi?
Joriy mavsumda loyihalarni qabul qilish 1–20-fevral kunlari amalga oshiriladi. Bu davrda fuqarolar va tashabbuskor guruhlar o‘z takliflarini belgilangan tartibda elektron platforma orqali taqdim etishi mumkin.
21-fevraldan 7-martga qadar kelib tushgan loyihalar saralash bosqichidan o‘tkaziladi. Ushbu jarayonda takliflarning qonunchilikka muvofiqligi, amalga oshirish imkoniyati va ijtimoiy ahamiyati baholanadi. Saralashdan o‘tgan loyihalar keyingi bosqichlarga yo‘naltiriladi.
8–10-mart kunlari loyihalarni targ‘ib qilish bosqichi bo‘lib o‘tadi. 11–20-mart kunlari esa an’anaviy ovoz berish jarayoni tashkil etiladi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra asosiy g‘oliblar 21-mart — Navro‘z bayrami kuni e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 21–31-mart kunlari qo‘shimcha g‘olib loyihalarni aniqlash bosqichi o‘tkazilib, mablag‘lanadigan tashabbuslar ro‘yxati kengaytiriladi.
O‘tgan yilda «Tashabbusli budjet» loyihalariga qancha mablag‘ sarflandi?
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda Tashabbusli budjet loyihalari uchun jami 6,5 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. Mablag‘ning eng katta qismi — 3,2 trln so‘m yoki 49 foizi ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlariga sarflandi. Shuningdek, umumta’lim maktablarini ta’mirlash va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 1,5 trln so‘m ajratildi. Sog‘liqni saqlash sohasiga esa 0,5 trln so‘m yo‘naltirilgan.
2025 yilgi Tashabbusli budjet jarayonlari yakuniga ko‘ra, jami 3 ming 984 ta mahalla g‘olib deb topildi. Ularning 728 tasi ilk bor ushbu dasturda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, mahalliy tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.





