add

Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmati majburiy joriy etiladi

Bugun 19:581272 daqiqa

Yangi nizom ish beruvchilarga mehnat xavfsizligi tizimini joriy etish va maxsus xizmatlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishni majburiy qildi.

Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmati majburiy joriy etiladi

Tashkilotlarda mehnat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi tartib tasdiqlandi. Hukumatning 24-dekabrdagi 819-sonli qarori bilan tegishli nizom qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, barcha ish beruvchilar tashkilotda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini joriy etishi shart.

Nizomga ko‘ra, ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish xizmati bilan bir qatorda yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini ham tashkil etishi lozim. Bu ish jarayonida xodimlarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan.

Xodimlarni mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitish majburiy hisoblanadi. Ushbu jarayon kirish yo‘l-yo‘rig‘i va ish joyidagi yo‘l-yo‘riqlarni o‘tkazish, ish joyida stajirovka tashkil etish va bilimlarni tekshirish, shuningdek, baxtsiz hodisalarda jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini o‘rgatishni o‘z ichiga oladi.

Har bir ish beruvchi yil sayin 20-yanvarga qadar YAMMT IDAK axborot tizimiga tegishli ma’lumotlarni kiritib borishi shart. Bunda mehnat sharoiti haqidagi ma’lumotlar, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari mavjud bo‘lgan sharoitlarda ishlaganlik uchun berilgan imtiyoz va kompensatsiyalar summasi, shuningdek, baxtsiz hodisalardan jabrlangan va kasb kasalliklari ilk bor aniqlangan shaxslar soni ko‘rsatiladi.

Nizomda tashkilotlarda ma’muriy-jamoatchilik nazoratini joriy etish ham nazarda tutilgan. Bu nazorat uch bosqichda amalga oshiriladi: dastlab sex, brigada va smena darajasida, keyin bo‘lim yoki ishlab chiqarish uchastkalari darajasida, yakuniy bosqichda esa butun tashkilot miqyosida umumiy tarzda.

Teglar

Mavzuga oid

Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmati majburiy joriy etiladi | Vaqt.uz