add

TBC Bank Group OLX Uzbekistan nazorat paketi sotib oldi

21.08.2025 | 20:3023664

Gruziyada yetakchi moliya xizmati guruhi va O‘zbekistonda eng yirik raqamli bank ekotizimlaridan biri hisoblanuvchi TBC Bank Group OLX Uzbekistan nazorat paketini sotib oldi. Bank avvalroq BILLZ retail management SaaS platformasi hamda mamlakatda keng ommalashgan Payme to‘lov ilovasini tarkibiga qo‘shib olgan edi.

TBC Bank Group OLX Uzbekistan nazorat paketi sotib oldi
Gruziya va O‘zbekistonda raqamli bank xizmatlarini rivojlantirayotgan TBC Bank Group O‘zbekistondagi eng yirik onlayn e’lonlar platformasi — OLX Uzbekistan aksiyalarining nazorat paketini qo‘lga kiritdi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, bitim Titan Investments xalqaro investitsiya holdingi bilan qo‘shma korxona orqali amalga oshirilgan. Bank matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu kelishuv mamlakatda so‘nggi o‘ttiz yilda amalga oshirilgan eng yirik qo‘shilish va sotib olish jarayonlaridan biri hisoblanadi. Kelishuv yakunlanishi uchun zarur tartibga soluvchi organlardan ruxsat olinishi kutilmoqda. Shartnomaga ko‘ra, natijada OLX Uzbekistan aksiyalarining 100 foizi QKga o‘tadi. TBC nazorat paketini (50 foiz + 1 aksiya), Titan Investments esa qolgan ulushni oladi. Sotuvchi Prosus tarkibiga kiruvchi OLX Group bo‘ldi. Ma’lumot uchun, OLX Group hozirgi kunda 30 ga yaqin mamlakatda onlayn savdo va xizmat ko‘rsatish platformalarini boshqarib kelmoqda. Uning tarkibiga OLX, Otomoto va Property24 kabi brendlar kiradi. Prosus esa texnologiya sohasida dunyodagi eng yirik investorlardan biri sanaladi. Bank ma’lumotlariga ko‘ra, OLX O‘zbekistonda eng ko‘p tashrif buyuriladigan saytlar orasida oltinchi o‘rinni egallab, oyiga 5,4 million faol foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatadi. Platforma mamlakat internet auditoriyasining 20 foizidan ortig‘ini qamrab olgan. OLX o‘z brendi ostida faoliyat yuritishda davom etadi, ammo kelgusida TBC Uzbekistan ekotizimiga integratsiya qilinadi. Ma’lumot uchun, joriy yil iyun oyida ham TBC Bank Group O‘zbekistondagi BILLZ retail management SaaS platformasining nazorat paketini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Qolaversa, bankning tarkibiga TBC Bank Uzbekistan (mamlakatning eng yirik mobil banklari), Payme (to‘lov ilovasi), Payme Nasiya (nasiya krediti biznesi) va TBC Insurance (raqamli sug‘urta kompaniyasi) ham kiradi.

Teglar

Mavzuga oid