add

Tbilisida namoyishchilar politsiya bilan to‘qnash keldi

05.10.2025 | 11:3222865

Gurjiston poytaxtida munitsipal saylovlar kuni boshlangan norozilik aksiyasi prezident saroyi oldida to‘qnashuvlarga aylandi.

Tbilisida namoyishchilar politsiya bilan to‘qnash keldi
4 oktyabr kuni Gurjistondagi munitsipal saylovlar fonida Tbilisi shahrida norozilik namoyishlari boshlandi. Kechqurun ular politsiya bilan to‘qnashuvga aylandi. Namoyishchilarning bir qismi prezident saroyiga kirib borishga uringani ma’lum qilindi. Rustaveli prospektida soat 16:00 da boshlangan mitingda qatnashchilar yo‘lni to‘sib, parlament binosi oldida to‘planishdi. Paper Kartuli nashrining yozishicha, guruhlar Chavchavadze prospektidan parlamentgacha yurish o‘tkazib, yo‘lda hukmron partiya «Gurjiston orzusi» bosh kotibi va Tbilisi meri Kaxa Kaladzening shtabi oldida to‘xtashgan. Kechki yetti atrofida bir necha o‘nlab namoyishchilar Orbelia qarorgohi hovlisiga kirib borishga urinishdi, to‘siqni buzib, qo‘riqchilarga hujum qilishdi. Politsiya va maxsus kuchlar ularni ko‘z yoshartiruvchi gaz yordamida tarqatdi. News Georgia ma’lumotiga ko‘ra, hujumda qatnashgan ba’zilar yaxshi jihozlangan va bronejilet kiygan bo‘lgan. Gurjiston sobiq prezidenti Salome Zurabishvili ham namoyishchilarning bu harakatlarni keskin qoraladi. Uning ta’kidlashicha, «prezident saroyini bosib olishga urinish — bu 310 kunlik tinch namoyishlarni beqarorlashtirishga qaratilgan harakat». «Exo Kavkaza» agentligi yozganidek, u fuqarolarni tinch yo‘l bilan norozilikni davom ettirishga chaqirdi. Prezident rezidensiyasi atrofida to‘qnashuvlar davom etar ekan, politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkovchi mashinalarni ishlatdi. Hukumat saroy oldiga qo‘shimcha maxsus kuchlar jo‘natdi. Politsiya aholini tarqalishga chaqirgan, ammo namoyishchilar tosh otish bilan javob qaytargan. Ichki ishlar vazirligi aksiya qonun doirasidan chiqqanini bildirib, «zarur choralar ko‘rilishi»ni ma’lum qildi. Bundan avval Ozodlik maydonida aksiya tashkilotchilaridan biri — opera xonandasi va muxolifatchi siyosatchi Paata Burchuladze «hokimit xalq qo‘lida», degan deklaratsiyani o‘qib eshittirgan. U bilan birga «Milliy harakat» siyosiy kengashi raisi Murtaz Zodelava ham so‘zga chiqib, «xalq o‘z qo‘liga prezident rezidensiyasining kalitini olishi kerak», deya chaqiriq qilgan. Shu kuni mamlakatda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish saylovlari bo‘lib o‘tdi. Muxolifat, jumladan sobiq prezident Mixail Saakashvilining «Milliy harakat» partiyasi saylovni boykot qildi. Saylovlarda Tbilisi, Kutaisi, Batumi, Rustavi va Poti shaharlarining merlari hamda 59 munitsipalitet rahbarlari va mahalliy deputatlar saylanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid