
Tekstil klasterlari fermerlardan katta miqdorda qarzdor bo‘lib qolgani ma’lum qilindi
19.07.2025 | 21:3013963
Sherzod Qudbiyevning ma’lum qilishicha, tekstil klasterlarining fermerlar oldidagi qarzlari katta summaga yetgan. Bu esa fermerlarning soliq, ish haqi va kredit to‘lovlarini amalga oshirishini qiyinlashtirmoqda.

19 iyul kuni O‘zbekistondagi tekstil sanoati vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda klasterlarning fermerlar oldidagi qarzdorligi masalasi muhokama qilindi. Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvda Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev bu muammoni alohida ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda tekstil klasterlarining faqat davlat va banklar emas, balki fermerlar oldida ham katta miqdorda qarzdorligi mavjud. DSQ raisi bunday holat fermerlarning soliqlarni to‘lash, xodimlarga maosh berish va kreditlarni qaytarishda jiddiy muammolarga duchor qilayotganini bildirdi.
Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ham mazkur qarzdorlikni tasdiqladi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning aniqlashtiruvchi savoliga javoban, Qudbiyev klasterlar hali ham qarzdorligini tan oldi.
Mazkur muammoning ildizlari o‘tgan yilga borib taqaladi. 2023 yil avgust oyida Prezident tomonidan o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qilinishicha, tekstil klasterlari 6 trln so‘m zarar ko‘rgan. Bu asosan ichki bozordagi paxta narxining jahon narxidan ikki barobar yuqori bo‘lgani bilan bog‘liq.
Shuning natijasida klasterlar yuqori narxda paxta xarid qilgan, ammo mahsulotni ichki bozorda arzonroq sotishga majbur bo‘lgan. Bu esa moliyaviy barqarorlikning izdan chiqishi va fermerlar bilan hisob-kitoblarni kechiktirishga olib kelgan.





