Telefon raqamga SMS orqali ruxsatsiz reklama yuborish taqiqlandi
1-noyabrdan O‘zbekistonda ruxsatsiz SMS-reklama va tungi vaqtdagi reklama qo‘ng‘iroqlari taqiqlanadi. Shuningdek, mulkka taqiq qo‘yish, SIM-karta va bank kartalarini boshqarish bo‘yicha yangi elektron xizmatlar joriy etiladi.

2026 yil 1-noyabrdan boshlab mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yo‘li bilan tovar va xizmatlarni reklama qilish faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligi bilan amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 15-iyul kuni imzolangan qarorda belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, soat 18:00 dan 09:00 gacha telekommunikatsiya tarmoqlari orqali reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini tarqatish mutlaqo taqiqlanadi. Shuningdek, mobil aloqa operatorlariga abonent so‘roviga asosan reklama xabarlarini to‘liq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatiladi. Belgilangan ushbu talablarga rioya etmaslik reklama va shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish deb baholanadi hamda tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.
Yagona portaldagi yangi elektron xizmatlar
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1-oktabrdan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) qo‘shimcha xizmatlar joriy etiladi.
Xususan, jismoniy va yuridik shaxslar ko‘chmas mulk hamda avtomototransport vositalarini garovga qo‘yish, ularni begonalashtirishni taqiqlash yoki taqiqni bekor qilish bo‘yicha onlayn ariza yuborishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, fuqarolar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqamlari va bank kartalari to‘g‘risida ma’lumot olish hamda ularni boshqarish imkoniga ega bo‘ladi. Bunga quyidagilar kiradi:
• Telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga o‘tkazish yoki xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish.
• Ulangan pulli xizmatlarni tekshirish.
• Bank kartasini bloklash (yopish) bo‘yicha emitent bankka ariza yuborish.
Shuningdek, fuqaro nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda bu haqda Yagona portal orqali avtomatik tarzda xabarnoma yuborilishi va ularning hisobi yuritilishi belgilangan.