
Telefonidagi ma’lumotlarni o‘chirgan xorijliklar Rossiyaga kiritilmayapti
09.06.2025 | 18:201144
Rossiya chegarasida telefonidan chatlar, suratlar yoki boshqa ma’lumotlarni o‘chirib tashlagan xorijiy fuqarolarga mamlakatga kirish rad etilmoqda. Bu haqda «RIA Novosti» sud qarorlariga tayanib xabar berdi.

Xususan, bir holatda fuqaroga 5000 dan ortiq surat va videolar hamda bir nechta kontaktlarni o‘chirgani uchun viza rad etilgan. Boshqa holatda esa ayol shaxs chati va YouTube tarixini tozalagani, telefon galereyasini butunlay o‘chirgani bois Rossiyaga kiritilmagan.
Bu muammo, aksariyat hollarda Ukraina fuqarolariga taalluqli. Biroq, boshqa davlatlar fuqarolari ham taqiqqa duchor bo‘lishmoqda. Rossiya maxsus xizmatlari bu harakatni «siyosiy qarashlarni yashirish» va chegara nazoratidan oldindan tayyorgarlik ko‘rish deb baholamoqda. Agentlik kamida 10 ta shunday holatni aniqladi.
Ukraina fuqarolari Rossiyada yashovchi yaqin qarindoshlari borligini aytib sud orqali qarorni qayta ko‘rib chiqishga harakat qilgan, ammo ularning barcha apellyatsiyalari rad etilgan.
Rossiya hukumati Ukraina fuqarolari uchun kirish tartibini 2022 yildan so‘ng ancha kuchaytirdi. 2023 yil oktyabridan boshlab ular faqat Moskvadagi Sheremetyevo aeroporti va Latviya bilan chegaradosh «Ludonka» avtomobil punkti orqali o‘tishlari mumkin. Bu cheklovlar Rossiya aholisini «geosiyosiy sharoitda xavfdan himoya qilish» zarurati bilan izohlangan.
Shu bilan birga, Latviya «Ludonka» punktning o‘z tomoni — «Viyentuli»ni zudlik bilan yopgan, chunki u yerda navbatlar to‘planishi va xavfsizlikka tahdid tug‘ilishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Natijada, hozirda Ukraina fuqarolari Rossiyaga faqat Sheremetyevo aeroporti orqali kira oladi. Biroq ularni u yerda keng qamrovli so‘roq va tekshiruvlar kutadi. The Moscow Times tahliliga ko‘ra, «Otkazniki Sheremetyevo» nomli telegram-chatda ukrainaliklar uchun 20 dan 50 yilgacha Rossiyaga kirish taqiqlangan holatlar keng tarqalmoqda. Bundan tashqari, Belarus ham o‘z ichki ma’lumotlar bazasini FSB bilan muvofiqlashtirgani bois, amalda bu taqiq u yerga ham taalluqli hisoblanadi.





