add

Telegram bilan FSB o‘rtasidagi bog‘liqlik: jurnalistlar nimalarni aniqlashdi?

12.06.2025 | 10:0021758

«Vajniye istorii» nashri Telegram va FSB o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida shov-shuvli surishtiruvni e’lon qildi. Surishtiruvdagi eng asosiy jihat shundaki — Telegram’ning trafigi FSB bilan bog‘liq biznesmenga qarashli kompaniyaning IP-manzillari orqali o‘tayotganini aniqladi.

Telegram bilan FSB o‘rtasidagi bog‘liqlik: jurnalistlar nimalarni aniqlashdi?
Maqolani maxsus xizmatlar bilan hamkorlikni mutlaq rad etadigan messenjer uchun o‘ta xavfli signal, deb atash mumkin. Lekin bu amalda nima anglatadi?   Surishtiruv nimani yuzaga chiqardi? - Telegram foydalanuvchi qurilmasining auth_key_id identifikatorini shifrlanmagan holda ishlatadi — bu identifikator har bir chatga, hatto maxfiy chatlarga ham qo‘shiladi (Telegram buni yashirmaydi). «Messenjer trafigi orqali o‘tadigan» shaxs qurilmalar identifikatorlarini va boshqa ma’lumotlarni — masalan, IP-manzillar va xabar yuborilgan vaqtni kuzatishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, boshqa messenjerlar bu turdagi ma’lumotlarni shifrlaydi. - Telegram’ning Rossiyadagi trafigi o‘tadigan serverlar IP-manzillari Global Network Management nomli ofshor kompaniyaga tegishli. Unga biznesmen Vladimir Vedeneyev egalik qiladi. 2018 yili sudda Vedeneyev o‘zini Telegram’ning moliya direktori deb atagan (biroq Telegram xodimlari uni tanimaydi). 2020 yilga qadar ushbu IP-manzillar Sankt-Peterburgdagi «Globalnet» aloqa operatoriga qarashli bo‘lgan. Bu kompaniya Vedeneyev va Roman Venediktovga tegishli bo‘lgan — oxirgi shaxs «Piring» kompaniyasining ham hammulki edi, u orqali 2010-yillarda Pavel Durovning «VKontakte» tarmog‘i trafigi o‘tgan. - «Globalnet» Rossiya davlat korxonalariga, jumladan kuch tuzilmalari bilan yaqin aloqadagi idoralarga aloqa xizmatlari ko‘rsatgan. Vedeneyevga tegishli bo‘lgan yana bir kompaniya (Telegram ham u kompaniyadan IP-manzillar ijaraga olgan) FSBga mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.   Bu Telegram foydalanuvchilarining xavfsizligi uchun nima anglatadi? Bevosita — hech narsa. Agar FSB Telegram’ning Rossiya trafigi o‘tadigan infratuzilmaga kirish huquqiga ega deb tasavvur qilsak ham(surishtiruvda tilga olingan serverlar Rossiyada joylashmagan), bu holatning o‘zi messenjer foydalanuvchilari ustidan kuzatuv imkoniyatlarini oshirmaydi — chunki FSBda Rossiya provayderlari orqali joriy qilingan SORM tizimi tufayli allaqachon shunday imkoniyatlar mavjud. Agar Vedeneyev kompaniyasi Telegram trafigi o‘tadigan faqat IP-manzillarga ega bo‘lsa (bunga «Vajniye istorii» dalil keltirgan), demak, u faqat shu trafikning yo‘nalishini nazorat qilishi mumkin. Lekin bu imkoniyat unga internet-provayder (shuningdek, VPN xizmati)da mavjud ma’lumotlar darajasidagi ma’lumotlarni beradi, deb tushuntiradi «Roskomsvoboda» loyihasining texnik mutaxassisi. Bu juda katta ma’lumot to‘plami emas: sizning IP-manzilingiz, Telegram’dagi sessiya davomiyligi va trafik hajmi. Qolgan ma’lumotlarga (masalan, yozishmalarni o‘qish uchun) shifrlash kalitlari kerak bo‘ladi, ularni faqat Telegram berishi mumkin. Ammo bunday holat haqida surishtiruvda so‘z bormagan.   Xulosa qanday? Telegram’ning Rossiyadagi trafigi o‘tadigan infratuzilmaning kamida bir qismi FSB bilan bilvosita bog‘liq biznesmenga tegishli. (Shu bilan birga jurnalist Andrey Zaxarov ta’kidlaganidek, FSB bilan hamkorlik qilmaydigan operator Rossiyada umuman mavjud emas.) Ammo hatto Telegram’ning barcha trafigi shu infratuzilma orqali o‘tadi va FSB unga to‘liq kirish huquqiga ega deb faraz qilib oladigan bo‘lsak ham (surishtiruvda bu ikki holat ham tasdiqlanmagan), maxsus xizmatlar eng ko‘pi bilan chet eldagi Telegram foydalanuvchilari haqida SORM orqali rossiyaliklar haqida oladigan ma’lumot darajasidagina ma’lumot to‘plashi mumkin. FSB bu orqali yozishmalarni o‘qiy olmaydi. Biroq bu voqea — messenjer sifatida Telegram xavfsizlik va maxfiylik borasida eng ishonchli platforma emasligini eslatuvchi muhim signal. Telegram’dagi oddiy chatlarda yozishmalar so‘ngigacha shifrlanmagan, foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlar hozirning o‘zida ham kuch tuzilmalariga osoncha ochiq. Shu sababli muhim yozishmalarni faqat «maxfiy chatlar»da olib borish yoki xavfsizroq messenjerlardan foydalanish tavsiya qilinadi. IP manzilini yashirish uchun esa VPN’ni unutmaslik kerak.

Teglar

Mavzuga oid

Telegram bilan FSB o‘rtasidagi bog‘liqlik: jurnalistlar nimalarni aniqlashdi? | Vaqt.uz