
Temir yo‘lda mahalliy yo‘lovchilarni tashish ikki barobarga oshadi
Prezident qaroriga muvofiq, 2030 yilga qadar temir yo‘lda mahalliy yo‘lovchilarni tashish hajmi keskin oshirilib, elektropoyezdlar qatnovi kengaytiriladi.

O‘zbekistonda temir yo‘l transporti orqali mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ulushini oshirish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar boshlanmoqda. 2025 yil 27-dekabrda qabul qilingan «2030 yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori bu sohada aniq maqsad va vazifalarni belgilab berdi.
Qarorga muvofiq, 2030 yilga qadar mahalliy yo‘nalishlarda yillik yo‘lovchi tashish hajmi 10,5 million nafardan 23,5 million nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan yo‘nalishlar soni 40 tadan 53 tagacha oshiriladi. Bu ko‘rsatkichlar temir yo‘l transportining aholi uchun jozibadorligini kuchaytirishga qaratilgan.
Hujjatda Transport vazirligi hamda O‘zbekiston temir yo‘llari uchun yo‘lovchi tashish faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Eng muhim loyihalardan biri — uzunligi 465 kilometr bo‘lgan va elektrlashtirish ishlari yakunlangan «Buxoro–Xiva» temir yo‘l liniyasi orqali 2026 yildan boshlab Toshkent–Urganch–Xiva yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovini tashkil etishdir.
Shuningdek, uzunligi 196 kilometr bo‘lgan «Miskin–Nukus» temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlarini 2026 yil oxirigacha yakunlab, ushbu yo‘nalishda ham yuqori tezlikdagi elektropoyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu Qoraqalpog‘iston hududining transport aloqalarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Angren–Pop hamda Toshguzar–Boysun–Qumqo‘rg‘on temir yo‘l uchastkalarini modernizatsiya qilish orqali 2030 yilga qadar Andijon, Namangan, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlariga tezyurar elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu choralar mamlakatning barcha hududlarini qamrab olgan zamonaviy temir yo‘l tizimini shakllantirishga qaratilgan.





