add

Temur Ishmetov: «O‘zbekistonda steyblkoinlar to‘lov vositasi sifatida sinovdan o‘tkaziladi»

Kriptovalyutadan to‘lov vositasi sifatida foydalanish test rejimida sinab ko‘riladi. Bundan tashqari, Markaziy bank o‘z raqamli valyutasini chiqarishni muhokama qilmoqda.

Temur Ishmetov: «O‘zbekistonda steyblkoinlar to‘lov vositasi sifatida sinovdan o‘tkaziladi»
Prezident 10 sentyabr kuni steyblkoinlarni to‘lov vositasi sifatida testdan o‘tkazish hamda qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishni amalga oshirishni topshirdi. Bu haqda Markaziy bank raisi Temur Ishmetov asosiy foiz stavkasini ko‘rib chiqish bo‘yicha matbuot anjumanida izoh berdi. Temur Ishmetov raqamli valyuta masalasi yuzasidan barcha markaziy banklar kabi izlanishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Hozirda Markaziy bank tomonidan CBDC chiqarish yoki tijorat banklariga pul bilan ta’minlangan steyblkoinlarni chiqarishga ruxsat berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Uning aytishicha, fintex sohasini rivojlantirish bo‘yicha davlat rahbariga berilgan hisobotda ham aynan steyblkoin bo‘yicha pilot loyiha boshlash taklifi berilgan.
«Biz barcha opsiyalarni sinchiklab ko‘rib chiqmoqchimiz. Chunki steyblkoinning farqlari va yondashuvlari dunyoda turlicha. Masalan, AQSH yaqinda qonun qabul qildi — unda Markaziy bank raqamli valyuta chiqarmaydi, bu vakolat tijorat banklariga beriladi. Biroq bunda o‘ziga xos risklar mavjud. Asosiy xavf shundaki, Markaziy bank uchun steyblkoinning haqiqatdan ham pul bilan ta’minlanganligi va zaxirasi qat’iy nazorat qilinishi zarur. Aks holda, bu qo‘shimcha emissiya sifatida qabul qilinadi», — dedi Markaziy bank raisi.
Shu sababli, Markaziy bank ushbu loyihani Istiqbolli loyihalar agentligi (ILMA) bilan birga regulyativ texnologiyalik qumdon doirasida test qilishni rejalashtirmoqda. Test orqali aholining raqamli valyutaga real talabi bormi-yo‘qmi, shu aniqlanadi. «Odatda raqamli valyutaga bo‘lgan kutilmalar baland bo‘ladi, biroq dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, agar mamlakatda to‘lov tizimi yaxshi rivojlangan bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lov vositalariga ehtiyoj katta bo‘lmaydi. Avval test o‘tkazib, keyin amaliy natijasini ko‘ramiz», — dedi Ishmetov. Bundan tashqari, Markaziy bankning o‘z raqamli valyutasini ishlab chiqishi zarurligi ham ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda ikkita yondashuv mavjud: birinchisi — chakana variant, ya’ni fuqarolar va biznes foydalanadigan valyuta, ikkinchisi — faqat Markaziy bank va tijorat banklari yoki Markaziy banklararo xalqaro tranzaksiyalarni tezlashtirishga xizmat qiladigan valyuta. Bu variantlar ham test asosida sinab ko‘riladi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq kriptovalyuta kabi raqamli aktivlarni amaliyotda sinash bo‘yicha radikal tashabbuslar ilgari surilgani haqida xabar berilgan edi. Mahliyo Hamidova, Vaqt.uz muxbiri.

Teglar

Mavzuga oid

Temur Ishmetov: «O‘zbekistonda steyblkoinlar to‘lov vositasi sifatida sinovdan o‘tkaziladi» | Vaqt.uz