add

Temur Kapadze O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyligidan ketdi

Bugun 21:166201

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi va keyingi yordamchi murabbiyi bo‘lib ishlagan Temur Kapadze terma jamoadan ketdi.

Temur Kapadze O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyligidan ketdi

44 yoshli mutaxassis Temur Kapadze milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Temur Kapadze rahbariyatga lavozimidan ozod etish to‘g‘risida rasmiy murojaat yo‘llagan va bu qarorning sababi — bosh murabbiy sifatida faoliyatni davom ettirish istagi bo‘lgani aytilgan.

O‘FA ma’lumotiga ko‘ra, Kapadzega boshqa jamoalardan takliflar tushgan va u kelgusida yangi loyiha doirasida ish boshlashi kutilmoqda. «O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Temur Kapadzega mamlakat futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildiradi hamda uning murabbiylik faoliyatida katta yutuqlar tilaydi», — deyiladi tashkilot bayonotida.

Ma’lumot uchun, Temur Kapadze 2025 yilning yanvaridan 6-oktabrgacha milliy terma jamoani boshqargan. Bu muddat ichida u 9 ta o‘yin o‘tkazib, 5 g‘alaba va 4 durang natijasini qayd etgan. Oktyabr oyidan esa u italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro rahbarligidagi terma jamoada yordamchi murabbiy sifatida ish olib borgan.

Kapadze 2022 va 2024 yillarda O‘zbekiston U-23 terma jamoasini ikki marta Osiyo Kubogi finaliga olib chiqqan. Uning rahbarligida Olimpiya terma jamoasi tarixda ilk bor yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgani ham milliy sport tarixida muhim voqea sifatida qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Temur Kapadze O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyligidan ketdi | Vaqt.uz