
Termizda O‘zbekiston va Rossiya jangovar mashg‘ulot boshladi
15.07.2025 | 20:0044913
15 iyul kuni Surxondaryo viloyatidagi Termiz poligonida «Hamkorlik-2025» deb nomlangan Rossiya va O‘zbekiston harbiylarining qo‘shma taktik mashqlari boshlandi.

O‘zbekistondagi «Termiz» poligonida «Hamkorlik-2025» Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma taktik o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyatidagi «Termiz» poligonida Rossiya va O‘zbekiston Qurolli kuchlari qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan.
«Tadbir an’anaviy ravishda harbiy xizmatchilarning umumiy saf tortishi bilan boshlangan. Harbiy orkestrlar Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyalarini ijro etdi, ikki mamlakat davlat bayroqlari tantanali ravishda ko‘tarildi. Mashg‘ulot ishtirokchilari yagona safda dala lageri maydonida tantanali marsh bilan yurib o‘tdi», - deyiladi xabarda.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tkazilayotgan harbiy mashqlar doirasida quyidagi amaliyotlar bajariladi:
— Davlat chegarasini buzib kirgan noqonuniy qurolli tuzilmalarning kichik guruhlarini aniqlash va yo‘q qilishda bo‘linmalarni boshqarish;
— Chegara hududlarida ob’ektlar va pozitsiyalarni egallab olgan qurolli guruhlarni yo‘q qilishda bo‘linmalarni boshqarish;
— Qo‘shinlar tomonidan olingan inshootlar va pozitsiyalarni egallash;
— Dushmanning mayda guruhlariga qarshi kurash olib borish;
— Shuningdek, qurolli tuzilmalar egallab olgan aholi yashash punktiga hujum qilish va tozalash ishlarini tashkil etish.
Qo‘shma mashg‘ulotlarning faol bosqichi 2025 yil 15-21 iyul kunlari o‘tkaziladi.





