add

Tesla ikkita modelini ishlab chiqarishni to‘xtatadi

29.01.2026 | 15:152 daqiqa

Kompaniya elektromobillar o‘rniga gumanoid robotlar ishlab chiqarishga o‘tish orqali strategiyasini tubdan o‘zgartirmoqda.

Tesla ikkita modelini ishlab chiqarishni to‘xtatadi

Tesla kompaniyasi o‘zining flagman elektromobillari hisoblangan «Model S» va «Model X» modellarini ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich to‘xtatishga qaror qildi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu modellar o‘rnida zavodlarda odamsimon gumanoid robotlarni yig‘ish boshlanadi. Qoldiq avtomobillar sotib tugatilgandan so‘ng, «Model S» va «Model X» bozordan butunlay chiqariladi.

Sabablar

Tesla rahbari Ilon Maskning ta’kidlashicha, kompaniyaning «kelajakka ishonch bilan qarab harakatlanishi» aynan shu qarorga olib kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tesla avvalo avtonom boshqaruv va sun’iy intellektga asoslangan yangi texnologiyalarga e’tibor qaratmoqda. Shu sababli elektromobillar konveyerlari 2027 yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan brend gumanoid robotlarini yig‘ishga moslashtiriladi.

Modellar tarixi

Mask «Model S» va «Model X» dasturini «munosib yakunlash vaqti kelgani»ni ta’kidlab, kompaniya endi to‘liq avtonom tizimlarga tayanadigan kelajak sari harakatlanayotganini bildirdi. Ushbu avtomobillar omborlarda mavjud bo‘lgan paytda sotuvda qoladi, shuningdek, Tesla ularni bozorda bo‘lgan davr mobaynida texnik qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini va’da qilmoqda.

«Model S» Tesla'ning 2012 yildan beri ishlab chiqarilayotgan ikkinchi modeli, «Model X» esa 2015 yildan bozorga chiqarilgan. Ammo yillar o‘tishi bilan ushbu modellarning ommabopligi pasaydi. Ayni paytda kompaniya sotuvlarining asosiy ulushi arzonroq va ommaviy «Model 3» hamda «Model Y» hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ishlab chiqarish hajmi

2025 yil davomida Tesla 1 million 585 ming 279 ta «Model 3» va «Model Y» avtomobillarini yetkazib bergan bo‘lsa, «Model S» va «Model X» sotuvi 418 ming 227 tani tashkil etgan. Shuningdek, 2025 yil o‘rtasida kompaniya Xitoy bozorida ham ushbu modellar sotuvini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Bunga AQSHdan import qilinadigan avtomobillarga nisbatan joriy etilgan Xitoy bojlari sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tesla 14-fevraldan boshlab avtoboshqaruv dasturini faqat oylik obuna asosida taklif qilishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid