
Tesla Ilon Maskka 1 trln dollarlik mukofot taklif qildi
06.09.2025 | 09:3044493
Tesla Ilon Maskni kompaniyani yana boshqara boshlashiga undash uchun 1 trln dollar qiymatidagi shartli kompensatsiya paketini taklif qilmoqda.

Tesla kompaniyasi o‘z bosh ijrochi direktori Ilon Maskka 10 yil mobaynida qator natijalarga erishgan taqdirda 1 trln dollar qiymatidagi mukofotni taklif qildi. Bu orqali Maskni yana kompaniya faoliyatiga jiddiy qaytarish maqsad qilingan. Oxirgi bir yilda u siyosatga sho‘ng‘ib ketgan, hatto o‘z partiyasini tuzish harakatida bo‘lgan.
Shartli paketga ko‘ra, Mask kompaniyada faol ishlashi va Tesla’ni 8,5 trln dollarlik kapitalizatsiyaga yetkazishi lozim. Unda Mask 12 foiz aksiyaga ega bo‘lib, umumiy ulushi 25 foizga yetadi. Bu uning o‘z xohishiga mos keladi — avvalroq u kompaniyani to‘liq nazorat qilish niyati borligini aytgan edi.
Tesla’ning hozirgi bozor qiymati 1,1 trln dollar atrofida, 2023 yil oxirida esa u 1,5 trln dollar bo‘lgan. Bu maqsadga yetish oson bo‘lmaydi, chunki raqobat kuchaymoqda — ayniqsa Xitoyning BYD kompaniyasi tomonidan.
Kompaniya II chorakda 14 foizlik savdo pasayishiga duchor bo‘ldi, daromad 12 foizga kamayib 22,5 mlrd dollarni tashkil qildi, sof foyda esa 16 foizga tushib 1,17 mlrd dollarga yetdi. Bu oxirgi 10 yildagi eng katta pasayish bo‘ldi.
Tesla shu kunlarda avtopilotli taksi loyihasini ham sinovdan o‘tkazmoqda. Bu dastur ham Maskning mukofotiga bog‘langan asosiy natijalardan biri hisoblanadi. Kompaniya kengashi uni «uzoqni ko‘ra biladigan yetakchi» deb atab, uni saqlab qolishni «asosiy strategik vazifa» deb ta’riflamoqda.





