
Tig‘iz dastur bilan Ozarboyjonga jo‘nab ketgan Mirziyoyev «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘yadi
02.07.2025 | 20:4540452
O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bugun davlat rahbarining Ozarbayjonga uch kunlik rasmiy tashrifining tig‘iz dasturi haqida ma’lumot berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifini boshladi. Tashrif davomida u Boku, Xonkendi, Shusha va Ag‘dam shaharlarida bo‘ladi.
Shuningdek, ikki mamlakat yetakchisi Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazishi, «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘yishi va O‘zbekistonning Bokudagi elchixonasi yangi binosini ochib berishi ma’lum qilingan.
3 iyul kuni prezidentlar muloqotni Ozarbayjonning Qorabog‘ tumanida davom ettirib, Xonkendidagi qo‘shma tikuvchilik fabrikasi va Ag‘dam shahridagi «Imorat» tarixiy-me’moriy majmuasi bilan tanishadi.
«Tashrifga tayyorgarlik doirasida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha salmoqli kelishuvlar to‘plami shakllantirilgan. Tashrifning tadbirlarga boy dasturi 2024 yilda ittifoqchilik maqomini olgan O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining misli ko‘rilmagan yuksak darajaga chiqqanini ko‘rsatadi hamda ikki davlat rahbarlarining avvalgi uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomidir», deyiladi xabarda.





