
Time jurnali 2025 yilning eng yaxshi ixtirolarini e’lon qildi
13.10.2025 | 10:009733
AirPods quloqchinlari, Samsung televizori va Tecno noutbuki jahonning yetakchi innovatsiyalaridan biri sifatida tan olindi. Time jurnali yilning eng ilg‘or texnologiya va gadjetlarini aniqladi.

Time jurnali 2025 yilning eng yaxshi ixtirolari ro‘yxatini e’lon qildi. Tahririyat mutaxassislari yuzlab yangiliklarni tahlil qilib, 30dan ortiq yo‘nalishda 300ga yaqin ixtironi saralab oldi. Tanlovning maqsadi — jahon ilmiy-texnik taraqqiyotida eng katta ta’sir ko‘rsatgan, inson hayotini yengillashtirgan va yangi imkoniyatlar yaratgan qurilmalarni aniqlashdir.
«Robototexnika» toifasida Figure 03 uy xizmati uchun mo‘ljallangan robot va HoverAir X1 ProMax droni yilning eng ilg‘or ishlanmalari sifatida qayd etildi. Ular avtonom boshqaruv, yuqori aniqlik va yangi sun’iy intellekt imkoniyatlari bilan ajralib turadi.
Koinot sohasida AST SpaceMobile’ning BlueBird internet uzatish tizimi hamda Vera Rubin nomidagi zamonaviy observatoriya innovatsiya namunasi sifatida tanlandi. Bu ishlanmalar aloqa va astronomiya sohasida yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Iste’mol elektronikasi bo‘yicha Apple AirPods Pro 3 quloqchinlari, Huawei Pura 80 Ultra kamerofoni, Samsung Micro RGB televizori, Tecno Megabook S14 noutbuki va Fujifilm Instax Wide Evo fotokamerasi yilning eng yaxshi gadjetlari deb topildi. Shu bilan birga, 70mai Dash Cam 4K Omni videoregistratori va Biwin mikro-SSD disk ham yuqori baholandi.
Sog‘lom turmush texnologiyalari bo‘yicha Oura Ring 4 «aqlli» uzugi hamda Garmin Index Sleep Monitor uyqu nazorat tizimi tanlovning yetakchilari bo‘ldi. Transport sohasida esa BMW iX3 va BYD Seagull elektromobillari ekologiya va samaradorlikni birlashtirgan modellar sifatida qayd etildi.





