add

Tinchlikka umid so‘nayotir: Isroil Rossiya vositachiligidan bosh tortdi

17.06.2025 | 19:2027464

Yaqin Sharqda keskinlashib borayotgan vaziyatda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaroni hal qilish uchun vositachilik taklif etdi. Biroq Isroil bu tashabbusni rad etdi.

Tinchlikka umid so‘nayotir: Isroil Rossiya vositachiligidan bosh tortdi
Yaqin Sharqdagi mojaroni to‘xtatish bo‘yicha Rossiyaning vositachilikka urinishi Isroil tomonidan rad etildi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hozirda tinchlik muzokaralariga tayyor emas va har qanday tashqi vositachilikni inkor qilmoqda. Peskov vaziyatni «tez sur’atda keskinlashuvchi va mutlaqo taxmin qilib bo‘lmaydigan» deb baholadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 13 iyun kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan suhbatda Eron bilan muzokaralar uchun o‘z vositachiligini taklif qilgan. Shu kuni Putin Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon bilan ham gaplashib, Isroilga nisbatan keskin tanqidiy bayonot bergan. 14 iyun kuni esa Putin AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qilib, vositachilik taklifini qayta ko‘tardi. Tramp bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Biroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bu pozitsiyaga qarshi chiqdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning BMT nizomiga rioya qilmasligi uni xolis vositachi sifatida qabul qilish imkonini bermaydi. Netanyahu esa Isroil Eronning yadroviy dasturi masalasini diplomatik yo‘l bilan hal qilishga urinib ko‘rganini, ammo endi faqat harbiy yo‘l bilan maqsadga yetishini aytdi. U buni «ekzistensial urush» deb atadi va Isroil «maqsadga erishib, dushmanga halokatli zarba beradi», deya bayonot berdi. Tramp ham o‘z bayonotida Erondan «to‘liq taslim bo‘lish»ni talab qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hujumlarini to‘xtatish uchun Tehron o‘z uran boyitish dasturidan voz kechishi shart. «Eron yadroviy qurolga ega bo‘lolmaydi. Bu juda oddiy», dedi Tramp.

Teglar

Mavzuga oid

Tinchlikka umid so‘nayotir: Isroil Rossiya vositachiligidan bosh tortdi | Vaqt.uz