add

«Titanik» va «Avatar» rejissyori dollar hisobidagi milliarderga aylandi

Bugun 18:26542 daqiqa

Forbes jurnali baholashiga ko‘ra, «Titanik» va «Avatar» filmlari rejisseri Jeyms Kemeronning boyligi 1,1 mlrd dollarga yetib, u rasman dollar hisobidagi milliarderlar qatoriga qo‘shildi.

«Titanik» va «Avatar» rejissyori dollar hisobidagi milliarderga aylandi

Dunyo kinosanoatining eng daromadli rejissyorlaridan biri Jeyms Kemeron rasman dollarli milliarderga aylandi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 71 yoshli rejissyorning sof boyligi 1,1 mlrd dollarni tashkil etmoqda.

Qiziq jihati shundaki, Kemeronning o‘zi bu maqomni inkor etadi. Uning aytishicha, agar u haqiqatan ham milliarder bo‘lishni istaganida, so‘nggi 30 yil davomida deyarli hech qanday xarajat qilmasligi kerak bo‘lar edi. Shunga qaramay, Forbes uning daromadlari va aktivlarini hisobga olgan holda bu xulosaga kelgan.

Kemeronning moliyaviy muvaffaqiyatining asosiy manbai — «Avatar» franshizasi. Birinchi «Avatar» filmi rejissyorga taxminan 350 mln dollar sof foyda keltirgan. Ikkinchi qism — yana 250 mln dollar atrofida daromad bergan. Yaqinda namoyish etilishi kutilayotgan «Avatar: Olov va Kul» filmining jahon bo‘ylab yig‘imi 2 mlrd dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Kemeronning ushbu filmdan shaxsiy foydasi kamida 200 mln dollarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, rejissyor «Avatar» brendiga tegishli intellektual mulk orqali ham doimiy daromad oladi. O‘yinchoqlar, merchandayzing mahsulotlari va Disney’s Animal Kingdom bog‘idagi tematik attraksionlardan keladigan litsenziya to‘lovlari har yili millionlab dollar daromad keltirmoqda.

Shu bilan birga, Kemeron kino orqali orttirilgan sof boylik bo‘yicha Stiven Spilbergni ortda qoldirgan bo‘lsa-da, umumiy boylik hajmi bo‘yicha hali ham kino industriyasining eng boy arboblaridan ortda. Forbes baholashiga ko‘ra, Spilbergning boyligi 7,1 mlrd dollarni tashkil etadi. Shuningdek, Jorj Lukas 5,3 mlrd, Piter Jekson — 1,7 mlrd, Tayler Perri —1,4 mlrdni dollar boylikka ega. Bu ro‘yxatda Jeyms Kemeron 1,1 mlrd dollari bilan beshinchi o‘rinda joylashgan.

Teglar

Mavzuga oid