add

TIV Erondagi o‘zbekistonliklarga murojaat qildi

Butun Eron bo‘ylab ikki haftadan ortiq davom etayotgan norozilik namoyishlari vaqtida 2000 ga yaqin kishi halok bo‘lgan.

TIV Erondagi o‘zbekistonliklarga murojaat qildi

Eronda davom etayotgan ommaviy namoyishlar munosabati bilan O‘zbekistonning Tehron shahridagi elchixonasi vatandoshlardan shaxsiy xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishni va odamlar gavjum joylardan uzoqroq bo‘lishni so‘ramoqda.

Ahror Burxonovga ko‘ra, TIV Erondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasining Erondagi Elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar namoyishlar davomida jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

«Shu munosabat bilan, Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan miting va namoyishlarda ishtirok etmaslikni, odamlar ko‘p to‘planadigan joylardan yiroq bo‘lishni hamda shaxsiy xavfsizlik choralariga qat’iy rioya etishni so‘rab qolamiz», - deyiladi TIV bayonotida.

O‘zbekistonliklar zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasining Tehron shahridagi Elchixonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishi mumkin:

+982122299780

+982122832025

Avvalroq, butun Eron bo‘ylab ikki haftadan ortiq davom etayotgan norozilik namoyishlari vaqtida 2000 ga yaqin kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.

Erondagi norozilik namoyishlari o‘tgan yilning 28-dekabridan beri davom etmoqda. Ular milliy valuta kursining pasayishi fonida boshlandi va Eronda oyatulloh Ali Xaminai hukumatiga qarshi va umuman — 1979 yilgi inqilobdan keyin Islom Respublikasi tashkil etilganidan beri uning tarixidagi eng keng ko‘lamli qarama-qarshilikka aylandi. AQSH prezidenti Donald Tramp avvalroq namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan va aksilhukumat aksiyalari ishtirokchilariga yordam berish uchun Tehronga bosim o‘tkazishning turli, jumladan, harbiy variantlarini ko‘rib chiqayotganini aytgan edi. 12-yanvarda norozilik namoyishlari fonida Tramp Eron bilan «biznes yuritayotgan» mamlakatlardan keladigan tovarlarga AQSH tomonidan 25 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Shundan so‘ng, 13-yanvarda Brent nefti narxi ikki oylik maksimal darajaga yetdi.

Teglar

Mavzuga oid