
Tojikiston 49 nafar afg‘onistonlikni deportatsiya qildi
03.06.2025 | 20:007283
Tojikiston hukumati so‘nggi kunlarda 49 nafar afg‘onistonlik muhojirni yurtiga qaytardi. Rasmiy izoh berilmagan bo‘lsa-da, Afg‘oniston muvaqqat hukumati ularning aksariyatida rasmiy hujjatlar bo‘lganini ma’lum qildi.

Afg‘onistonning Tolibon rahbarligidagi Migratsiya vazirligi xabariga ko‘ra, 28–29 may kunlari Tojikiston tomonidan chiqarib yuborilgan muhojirlar 31 may kuni Qunduz viloyatidagi Sherxon chegara punkti orqali yurtiga qaytarilgan. Ularning 36 nafarida Tojikistonda yashash uchun ruxsat, 13 nafarida esa pasport va viza bo‘lgan.
Tojikiston hukumati hozircha bu masala yuzasidan hech qanday rasmiy munosabat bildirgani yo‘q. Bir oy avval ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan edi. 21 aprel kuni taxminan 50 nafar qochqin Tojikistondan Afg‘onistonga qaytarilgan. Ular BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi himoyasida bo‘lgan va asosan Vahdat shahrida yashab, taksichilik bilan shug‘ullangan.
Ayrim qochqinlar xavfsizlik idorasiga chaqirilib, hujjatlari olib qo‘yilgan va ikki mashinada chegaraga olib ketilgan. Shuningdek, bozor va ko‘chalarda ushlangan yana bir necha afg‘onistonlik ham deportatsiya qilingani aytilmoqda.
Xalqaro tashkilotlar ushbu harakatni tanqid qilib, Tolibon nazoratidagi mamlakatga qaytarish muhojirlar hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. BMT Tojikiston hukumatini deportatsiyadan tiyilishga va muhojirlarni uchinchi mamlakatlarga yo‘llash yoki huquqiy tartibda ko‘rib chiqishga chaqirgan.
Ayni vaqtda Tojikistonda, asosan, Dushanbe, Vahdat va Rudakiyda 10 mingdan ortiq afg‘onistonlik yashaydi.





