add

Tojikiston qachon Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga qo‘shilishi ma’lum bo‘ldi

Bugun 11:305272 Daqiqa

Ayni paytda Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston ushbu tizimga a’zo hisoblanadi.

Tojikiston qachon Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga qo‘shilishi ma’lum bo‘ldi

Tojikiston Markaziy Osiyo elektr tarmog‘iga qo‘shilish jarayonini 2026 yilning birinchi yarmida yakunlaydi. Bu haqda Tojikiston Respublikasi energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma MDH Elektr energetika kengashining 67-yig‘ilishida ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, vazir Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik muhim rol o‘ynashini, shu sababli mintaqaviy energetika tizimining ishonchliligini oshirish maqsadida hozirda Tojikiston energetika tizimini yagona energiya tizimiga ulash loyihasi amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.

«Loyiha doirasida 2024 yil iyun oyi boshida Tojikiston elektr tizimining janubi-g‘arbiy qismi yagona tarmoqqa muvaffaqiyatli ulandi. Rejaga ko‘ra, 2026 yil birinchi yarmida mamlakatning shimoliy elektr tarmoqlari ham ulanishi kerak», - degan D.Juma.

Shuningdek, u CASA-1000 xalqaro loyihasining borishi haqida ma’lumot bergan. ta’kidlashicha, elektr uzatish liniyasining Tojikiston va Qirg‘iziston uchastkalari ishga tushirilib, kelajakda elektr energiyasi eksporti uchun zamin hozirlangan.

«Tojikiston Respublikasi o‘zining ulkan gidroelektrik salohiyatidan samarali foydalanish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshiryapti. Ayni paytda bir qator GESlar, jumladan, o‘rnatilgan quvvati 3780 MVt bo‘lgan Rog‘un GESi qurilishi davom etyapti», - deya qo‘shimcha qilgan vazir.

Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo yagona energetika tizimi sobiq SSSR davrida Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Janubiy Qozog‘istonni birlashtirgan katta miqyosli infratuzilma hisoblanar edi. Toshkent dispetcherlik markazi tomonidan boshqarilgan bu tizim qishda suv omborlarida resurs to‘plagan tog‘li mamlakatlarning elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, yozda esa suvni qo‘shni davlatlar qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga yo‘naltirish orqali mavsumiy muvozanatni ta’minlab turgan. Biroq 2000-yillardan boshlab ziddiyatlar, ayniqsa Rog‘un GESi bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli avval Turkmaniston, keyinroq O‘zbekiston tizimdan chiqqan va 2009 yil dekabrda energetik halqa to‘xtab qolgan.

Yagona tarmoqni qayta tiklash zarurati 2014 yilgi energiya tanqisligi ortidan yana kun tartibiga qaytdi. 2017–2019 yillarda Markaziy Osiyo davlatlari ushbu tizimni tiklash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazib, mintaqaviy elektr bozorini yaratishga oid deklaratsiya imzoladi. Mavjud infratuzilmaning asosiy qismi saqlanib qolgani jarayonni yengillashtirdi va Qozog‘iston, O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston birlashgan tarmoqqa qaytishga qaror qildi. 2021 yilda Tojikiston ham «energetika halqasi»ga qayta ulanish rejasini bildirgan. Mutaxassislar fikricha, yagona tizimda har bir mamlakat yuklama oshgan paytda qo‘shnining ortiqcha quvvatlaridan foydalanishi yoki zaxirasi yo‘q hollarda chekli iste’molchilarni vaqtincha uzish orqali barqarorlikni saqlashi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Tojikiston qachon Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga qo‘shilishi ma’lum bo‘ldi | Vaqt.uz