
Tojikiston Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasiga qo‘shilmoqchi. Maqsad nima?
14.07.2025 | 20:453495
Tojikiston Xitoy orqali Yevropaga yuk va yo‘lovchi tashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasida ishtirok etish niyatini bildirdi. Bu borada muzokaralar Xitoyning Tyanszin shahrida o‘tdi.

Tojikiston Transport vaziri Azim Ibrohim Xitoy Transport vaziri Lyu Vey bilan uchrashuvda Tojikistonning Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasiga qo‘shilish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu haqda Tojikiston Transport vazirligi rasmiy sayti xabar berdi.
Uchrashuv 2 iyul kuni Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar transport vazirlarining 12-yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan.
Rasmiy ma’lumotda ta’kidlanishicha, tomonlar «Xitoy – Tojikiston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa» multimodal koridorini rivojlantirish va Tojikistonni Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasiga qo‘shish masalalarini ko‘rib chiqqan.
Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi mazkur mamlakatlarning temir yo‘l tarmoqlarini Turkmaniston, Eron va Turkiya orqali Yevropa temir yo‘l tizimi bilan bog‘lashni ko‘zda tutadi. Bu loyiha Yangi ipak yo‘li transport tizimi doirasida amalga oshiriladi.
Uzoq muhokamalardan so‘ng Qirg‘iziston hududidan o‘tadigan yo‘nalish sifatida «shimoliy» marshrut tanlangan. Unga ko‘ra, temir yo‘l Xitoyning Kashgar shahridan boshlanib, Torugart chegara punkti, Arpa vodisi, Qo‘sh-Debe, Makmal qishloqlari va Jalolobod shahri orqali O‘zbekistonga kiradi.
Ilk rejalarga ko‘ra, Qirg‘izistondagi uchastka 268,4 km, Xitoydagi qismi esa 165 km bo‘lishi belgilangandi. Keyinroq loyiha umumiy uzunligi 532,53 km etib qayta hisoblangan: shundan Xitoy hududida – 158,04 km, Qirg‘izistonda – 304,94 km.
Eslatib o‘tamiz, 2014 yil dekabr oyida Dushanbe shahrida Xitoy – Qirg‘iziston – Tojikiston – Afg‘oniston – Eron temir yo‘li loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha dastlabki kelishuv imzolangan edi. Unga ko‘ra, temir yo‘l Kashgardan boshlanib, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘oniston orqali Gerat shahrigacha yetib boradi, keyinchalik esa Eron temir yo‘liga ulanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Eron hukumati Tojikistonda temir yo‘l qurilishi imkoniyatlarini o‘rganish uchun 1 million dollar miqdorida bepul yordam ajratishini ma’lum qilgandi. Tojikiston Transport vazirligi va Eronning «Metro» kompaniyasi tegishli hujjatni imzolagan, ushbu kelishuv parlamentning quyi palatasi tomonidan tasdiqlangan.
Tojikiston hududidagi yo‘lning uzunligi taxminan 270 km bo‘lishi va Vahdat shahridan Qarateg‘in vodisi orqali Qirg‘iziston bilan chegaradosh Qaramiq punktiyecha qurilishi rejalashtirilgan edi. Ammo Eron tomonidan moliyalashtirish to‘xtatilgan. Bu loyiha bo‘yicha faqat bir marta — 2013 yilda 200 ming dollar miqdorida transh ajratilgan.





