
Tojikistonda folbin va sehrgarlarga borganlar uchun ham jarima qo‘llanishi mumkin
19.08.2025 | 17:156822
Tojikiston hukumati folbin va sehrgarlar xizmatidan foydalangan fuqarolarga ham ma’muriy jazo belgilashni taklif qildi. Jarima 81 dollargacha yetishi mumkin.

ASIA-Plus xabariga ko‘ra, hukumat parlamentga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartish kiritish taklifi bilan chiqdi. Agar taklif ma’qullansa, folbin va sehrgarlarga tashrif buyurgan mijozlar 750 somoniygacha jarima to‘laydi.
Shu bilan birga, ezoterik faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun jazo ham kuchaytirildi. Endilikda folbin va sehrgarlar 6000–7500 somoniy (631–789 dollar) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Tojikiston rasmiylari so‘nggi bir yilda bunday faoliyatga qarshi kurashni kuchaytirdi. O‘tgan yil yozida Ichki ishlar vazirligi mijozlarni hokimiyat idoralariga chaqirish va ularning ismlari hamda fotosuratlarini ma’lumotlar bazasiga joylashtirishni boshlagandi. Bu choralar ularning mijozlarini kamaytirish va faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 2025 yilning yanvar-iyun oylarida folbinlik va sehrgarlik bilan shug‘ullanishning 495 ta holati aniqlangan. Bu mamlakatda ezoterik xizmatlar keng tarqalganini ko‘rsatadi.





