
Tojikistonda noqonuniy mayning uchun javobgarlik kuchaytirildi
Parlament elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan maynerlar uchun katta jarima va qamoq jazolarini joriy etdi.

Tojikiston parlamenti kriptovalyuta mayningida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytiruvchi o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Yangi tartiblar mamlakatda kuzatilayotgan energiya tanqisligi va elektr uzilishlarini kamaytirishga qaratilgan.
Qabul qilingan o‘zgartirishlarga muvofiq, Jinoyat kodeksiga 253(2)-modda — «Virtual aktiv ishlab chiqarish maqsadida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish» kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, kriptovalyuta mayningi uchun o‘g‘irlangan yoki ruxsatsiz ulangan elektr energiyasidan foydalangan shaxslarga nisbatan ma’muriy emas, balki jinoiy jazo qo‘llaniladi.
Asosiy qoidabuzarlik uchun 1650 AQSH dollaridan 4070 dollargacha jarima belgilangan. Agar holat oldindan til biriktirgan guruh tomonidan sodir etilsa yoki miqdor katta bo‘lsa, jazo 4125 dollardan 8250 dollargacha jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi.
Ayniqsa, yirik miqdorda va uyushgan guruhlar tomonidan elektr energiyasini talon-toroj qilish besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi. Qonun prezident tomonidan imzolanib, rasmiy nashrlarda e’lon qilinganidan so‘ng kuchga kiradi.
Tojikiston Bosh prokurori Habibullo Vohidzoda mayning faoliyati ayrim hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar va qo‘shimcha jinoyatlarga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, noqonuniy mayningdan yetkazilgan umumiy zarar 3,52 million AQSH dollarini tashkil etgan.
Rasmiylar aytishicha, mamlakatda ayniqsa kuz-qish mavsumida energiya inqirozi kuchayib, ayrim hududlarda aholiga kuniga ikki-to‘rt soatgina elektr berilyapti. Yangi qonun elektr tarmog‘iga tushayotgan bosimni kamaytirish va noqonuniy mayningni cheklashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmaniston 2026 yildan rasman mayning va kriptobirjalarni ochishi haqida xabar bergan edik.





