add

Tojikistonda yangi kupyura muomalaga kiritildi

Bugun 19:551511

Tojikiston milliy valyutasi — somoni joriy etilganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan mamlakat tarixida ilk bor esdalik banknotasi chiqarildi. Yangi 100 somoniylik kupyura cheklangan miqdorda muomalaga kiritildi va amaldagi banknotalar bilan birga ishlatiladi.

Tojikistonda yangi kupyura muomalaga kiritildi

«Asia-Plus» nashrining xabar berishicha, Tojikiston Milliy banki milliy valyuta — somoni muomalaga kiritilganining 25 yilligini nishonlash maqsadida ilk esdalik banknotalarini chiqardi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi 100 somoniylik kupyuralar cheklangan miqdorda chop etilgan bo‘lib, ular amaldagilar bilan bir vaqtda muomalada bo‘ladi. Ammo banknotalarning aniq soni oshkor etilmagan.

Milliy bank bayonotida ta’kidlanishicha, bu — so‘nggi 25 yil ichida birinchi marta chiqarilayotgan esdalik banknotasi hisoblanadi. Avvalgi yillarda faqat bayramlar yoki muhim sana munosabati bilan esdalik hamda suvenir tangalar chiqarilgan edi.

Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, esdalik banknotalar va tangalar oddiy pullar singari muomalada bo‘lishi mumkin, suvenir pullar esa faqat kolleksiya yoki sovg‘a sifatida foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, somoniy Tojikistonda 2000 yil 30 oktabr kuni muomalaga kiritilgan bo‘lib, u avvalgi Tojikiston rublining o‘rnini egallagan. Milliy valyuta nomi tojik xalqi tarixida muhim o‘rin tutgan davlat arbobi Ismoil Somoniy nomi bilan atalgan.

Hozirda muomalada 1 dan 500 somoniygacha bo‘lgan banknotalar va 1 dan 50 diramgacha bo‘lgan tangalar bor. Yangi 100 somoniylik esdalik kupyura esa mamlakat pul tizimi tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.

Teglar

Mavzuga oid

Tojikistonda yangi kupyura muomalaga kiritildi | Vaqt.uz