add

Tojikistondagi hamma o‘qituvchilar harbiy xizmatdan ozod qilindi

29.10.2025 | 21:406163

Yangi qonun loyihasi o‘qituvchilarning huquqlarini himoya qilish, ularni ortiqcha ishlar va tazyiqlardan asrash, shuningdek, uy-joy va yer uchastkalari bilan ta’minlashni nazarda tutadi.

Tojikistondagi hamma o‘qituvchilar harbiy xizmatdan ozod qilindi

Tojikistonda «Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, bundan buyon maktab o‘qituvchilari o‘z kasbiy faoliyati davrida majburiy harbiy xizmatdan to‘liq ozod etiladi. Ilgari bu imtiyoz faqat qishloq o‘qituvchilari uchun amal qilgan edi.

Tuzatishlar Oliy Majlisning Namoyandalar palatasi tomonidan ma’qullandi. Ular qonuniy kuchga kirishi uchun Milliy Majlis tomonidan tasdiqlanishi, prezident tomonidan imzolanishi va rasmiy matbuotda e’lon qilinishi lozim.

Tojikiston Ta’lim va fan vazirligining «Osiyo-Plyus» agentligiga ma’lum qilishicha, vazirning birinchi o‘rinbosari Homid Hoshimzoda 15 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament yig‘ilishida qonunga o‘zgartirishlar kiritish loyihasini taqdim etgan. Uning ta’kidlashicha, bu o‘zgartirishlar pedagogning maqomini oshirish va ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar yetishmovchiligini bartaraf etish maqsadida kiritilmoqda.

«Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasining 5-moddasi 11-bandida quyidagi norma nazarda tutilgan: «pedagogik faoliyat davrida majburiy harbiy xizmatni o‘tash kechiktirilsin», - dedi Hoshimzoda.

Shuningdek, u normativ-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish maqsadida «Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunning 31-moddasi 4-bandi ikkinchi qismidagi «umumta’lim qishloq maktablari» degan so‘zlarni «umumta’lim maktablari» degan so‘zlar bilan almashtirish lozimligini qayd etdi.

Shu paytgacha qonunchilikda oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lgan va qishloq maktablarida ishlagan o‘qituvchilargina harbiy xizmatdan ozod qilingan edi. Endi esa qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirgach, bu imtiyoz ish joyidan qat’i nazar, barcha pedagoglarga tatbiq etiladi.

Ta’kidlash joizki, Tojikistondagi maktablarda o‘qituvchilar yetishmasligi so‘nggi yillardagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Mamlakat ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzodaning so‘zlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili boshida mamlakat maktablarida 3800 dan ortiq o‘qituvchi yetishmagan. Vaholanki, joriy yilda pedagogika yo‘nalishida 13 ming nafar talaba o‘qishni tamomlagan.

Mutaxassislarning fikricha, maktablarda kadrlar yetishmovchiligining asosiy sabablari ayrim pedagoglarning armiyaga majburan chaqirilishi, shahar va tumanlar rahbarlarining yer uchastkalari ajratish bo‘yicha bergan va’dalarini bajarmasligi va o‘qituvchilar uchun nazarda tutilgan boshqa imtiyozlarning amalga oshirilmasligidir.

Ushbu muammoni hal qilish uchun mamlakat hukumati «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini taklif qildi va u Namoyandalar palatasi tomonidan qabul qilindi. Ushbu qonun ilk bor pedagoglarning huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy maqomini alohida normativ hujjatda belgilab berdi.

Eslatib o‘tamiz, «Pedagog maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning o‘tgan yilgi topshirig‘idan so‘ng boshlangan edi. Bilimlar kunidagi nutqida prezident ta’lim sohasidagi muammolarga e’tibor qaratib, o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘si va mavqei pasayib ketayotganidan xavotir bildirgan va tegishli qonunni tayyorlash bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Ushbu qonun o‘qituvchilarning qadr-qimmati va huquqlarini himoya qiladi, ularni maktablarda «shanbalik»larga jalb qilish va pul yig‘ishni taqiqlaydi. Shuningdek, pedagoglar haqorat va tazyiqlardan himoyalanadi. Bundan tashqari, qonunga muvofiq ularga kafolatlar beriladi — xususan, yer uchastkalarini navbatsiz olish va uy-joy bilan ta’minlanish.

Teglar

Mavzuga oid

Tojikistondagi hamma o‘qituvchilar harbiy xizmatdan ozod qilindi | Vaqt.uz