
Tojikistondan 66 kg dan ortiq narkotik modda olib kirayotgan shaxslar qo‘lga olindi
24.09.2025 | 11:0011313
Farg‘ona, Samarqand, Andijon va Namangan viloyatlarida olib borilgan tezkor choralar natijasida bir nechta yirik narkotik kontrabandasi fosh etildi. Jami 66 kg dan ziyod giyohvand moddalar musodara qilingan.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan katta miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Farg‘ona viloyatida «Rovot» chegara bojxona postida to‘xtatilgan Cobalt avtomashinasining gaz ballonidan 53 dona o‘ramda yashirilgan 50 kg 852 gr opiy va 6 kg 927 gr gashish aniqlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, moddalar Dushanbedan shahridan olib kelayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Samarqand viloyatida esa Urgut tumanida yashovchi shaxs Gentra avtomashinasida 981 gramm geroin bilan qo‘lga olindi. Avtomobil Narpay tumanida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Namanganda «Andijon – Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan VAZ 2106 avtomashinasidan ham 1 kg 833 gr gashish topilgan. Qo‘shimcha ravishda, ayblanuvchilardan birining uyidan yana 1 kg 469 gr gashish chiqqan. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular bu moddalarni kelgusida sotib, mo‘may daromad topish maqsadida Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingani aniqlandi. Ta’kidlash lozimki, aka-ukalarning kattasi – muqaddam aynan narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs hisoblanadi.
Yana bir holatda, Qirg‘iziston fuqarosi Andijonda 3 kg 949 gr gashishni 28 ming dollarga sotish paytida ushlangan. Ma’lum bo‘lishicha, u narkotikni muqaddam tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan qoldirib ketilgan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joydan olgan.
Barcha holatlarda ayblanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.





