
Tojikistondan keltirilgan 32 kg narkotik modda musodara qilindi
Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida yirik narkotik modda tarmog‘i fosh etilib, bir nechta shaxs qo‘lga olindi.

Tojikistondan O‘zbekiston hududiga noqonuniy olib kirilgan jami 32 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddalari muomalasining oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tadbirda 1984 yilda tug‘ilgan fuqaroning Qo‘qon shahridagi uyi ko‘zdan kechirilib, oshxona qismida 4 kg 572 gramm opiy va 1 kg 58 gramm gashish aniqlandi. Shuningdek, unga Tojikistondagi narkotik savdogarlar tomonidan yuborilgan geolokatsiya asosida Dang‘ara tumani hududidan yashirilgan 9 kg 980 gramm opiy ham musodara qilindi.
Tekshiruvlar davomida mazkur shaxsga giyohvandlik vositalarini qayta ishlashda yordam bergan 1969 yilda tug‘ilgan qo‘qonlik fuqaro aniqlandi. Uning xonadonida tashkil etilgan yashirin narkolaboratoriyadan 7 kg 226 gramm opiy olindi.
Boshqa holatda Qo‘qon shahrida Lacetti avtomashinasi to‘xtatilib, undan 5 kg 22 gramm opiy topildi. Mazkur narkotik 34 ming AQSH dollariga sotib olingani ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbir davomida uni sotgan mahalliy fuqaro hamda uning sherigi bo‘lgan Tojikiston fuqarosi qo‘lga olindi. Uning O‘zbekiston tumanidagi uyidan yana 2 kg 362 gramm opiy aniqlandi.
Qo‘qon shahrida qayd etilgan yana bir holatda Nexia to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 1992-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli sumka ichida 982 gramm gashish borligi ma’lum bo‘lgan. Aniqlanishicha, u giyohvandlik vositasini muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Qo‘qon shahri hududiga yashirib ketilgan xufiya joydan olgan.
Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 2000-yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan olib kelingan 989 gramm gashish moddasini xaridorga 150 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.





