Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan 77 kg narkotik musodara qilindi

10.03.2026 | 09:332 daqiqa

Sariosiyo tumanida maktab o‘qituvchisi bo‘lib ishlovchi 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro tojikistonlik narkokurerlardan olgan opiy moddasini 180 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan 77 kg narkotik musodara qilindi

Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 77 kilogrammga yaqin narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Sirdaryo viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, viloyat boshqarmasi va bojxona organlari hamkorligida maxsus operatsiya o‘tkazilgan. Unda Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan katta miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolingan.

Ma’lum qilinishicha, «o‘zbek-tojik» davlat chegarasining Xovos tumani Sharqobod mahallasi hududidan o‘tuvchi qismida tojikistonlik narkokurerlar chegara sim to‘siqlari orqali 6 ta sumkani uloqtirgan. Ularni qabul qilib olishga uringan 1983 va 1990 yillarda tug‘ilgan ikki nafar mahalliy fuqaro chegara naryadi tomonidan ushlangan.

Sumkalar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, ular ichida 8 kilogramm 314 gramm geroin va 54 kilogramm 458 gramm opiy borligi aniqlangan. Mazkur holat bo‘yicha ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida o‘tkazilgan alohida tezkor tadbirda esa maktab o‘qituvchisi bo‘lib ishlovchi 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘lga olindi. U tojikistonlik narkokurerlardan olingan 14 kilogramm 680 gramm opiy moddasini shartli xaridorga 180 ming AQSH dollariga sotish vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ushbu holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushbu jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid