
Tojikistonga 60 ga yaqin avtomashinalar noqonuniy olib o‘tilgani fosh etildi
03.07.2025 | 17:0050092
Avtomashinalarni 100–200 dollarga o‘tkazib yuborgan guruh a’zolari qo‘lga olindi.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan olib borilgan tekshiruvlarda 60 ga yaqin avtomashinaning Tojikistonga noqonuniy ravishda olib o‘tilgani va u yerda sotilgani aniqlandi.
Ta’kidlanishicha, mazkur sxemada 8 nafar shaxs ishtirok etgan bo‘lib, ular har bir avtomobil uchun 100−200 dollardan haq olgan. Avtomashinalar asosan «Andarxon», «Oybek», «Pop» va «Xovosobod» bojxona postlari orqali olib o‘tilgan.
Tojikiston hududida BYD, Volkswagen, Kaiyi X3, Honda, Geometry, Faw ID4 kabi 59 ta turli markadagi mashinalar noqonuniy tarzda sotilgan. Ushbu holat fosh etilib, hozirda qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qo‘mita fuqarolarni ishonchnoma asosida avtomashinani boshqa shaxsga berganda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Agar avtoulovni qaytarib olishda muammolar yuzaga kelsa yoki avto O‘zbekistondan olib chiqib ketilgani haqida shubhalar mavjud bo‘lsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga darhol murojaat qilish lozimligi ta’kidlandi.





