add

«Tolibon» Afg‘oniston universitetlarida ayollar yozgan kitoblarni taqiqladi

19.09.2025 | 17:3143183

Afg‘onistonda «Tolibon» hukumati oliy ta’lim muassasalari dasturidan ayollar tomonidan yozilgan kitoblarni chiqarib tashladi. Bu qaror «shariat va harakat siyosatiga zid» deya izohlandi.

«Tolibon» Afg‘oniston universitetlarida ayollar yozgan kitoblarni taqiqladi

«Tolibon» hukumati 140 ga yaqin kitob, jumladan «Kimyo laboratoriyasida xavfsizlik» qo‘llanmasi «xavotirli» deb topilgan 680 ta manba ro‘yxatiga kiritdi. Shu bilan birga, universitetlarda 18 ta fan ta’limdan olib tashlandi, ular orasida «Gender va rivojlanish», «Muloqotda ayollarning roli» va «Ayollar sotsiologiyasi» kabi yo‘nalishlar bor.

«Tolibon» hukumatining so‘nggi qarorlari nafaqat ayollar yozgan asarlarga, balki Eron mualliflari va nashriyotlarida chop etilgan kitoblarga ham qaratilgan. Universitetlarga yuborilgan 50 sahifali ro‘yxatda 679 ta nom mavjud bo‘lib, shundan 310 tasi Eronda nashr etilgan.

Shu haftada «Tolibon» oliy rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, kamida 10 ta provinsiyada optik tolali internet ham cheklandi. Rasmiylar buni «axloqsizlikning oldini olish» bilan izohladi.

Afg‘onistondagi mazkur cheklovlar avvalo ayollar va qizlarga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Ularga oltinchi sinfdan keyin ta’lim olish taqiqlangan, 2024 yil oxirida esa akusherlik kurslari ham yopildi. Bundan oldin «Tolibon» ayollarga yuzi ochiq holda ko‘chaga chiqish, jamoat joylariga borish va salonlarda ishlashni ham man etgan edi.

BMTning global ta’lim bo‘yicha maxsus vakili Gordon Braun xalqaro jinoyat sudini Afg‘onistondagi ayollar va qizlarni kamsitgani uchun «Tolibon»ni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Avvalroq Tolibon rahbariyati butun mamlakat bo‘ylab optik tolali internet tarmog‘ini to‘xtatib, Mozori Sharifda Wi-Fi xizmatlarini uzib qo‘ygan edi.

Teglar

Mavzuga oid