add

Tolibon Afg‘onistonni internetsiz qoldirdi

17.09.2025 | 11:3035494

Tolibon rahbariyati butun mamlakat bo‘ylab optik tolali internet tarmog‘ini to‘xtatib, Mozori Sharifda Wi-Fi xizmatlarini uzib qo‘ydi.

Tolibon Afg‘onistonni internetsiz qoldirdi
15 sentyabrdan boshlab Mozori Sharifda internet provayderlariga Wi-Fi xizmatlarini uzish buyrug‘i berildi. Mahalliy kompaniyalar bu qarorni tasdiqlab, Afg‘oniston bo‘ylab kabelli internet ham o‘chirilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, mobil aloqa hozircha ishlab turibdi. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi.

Kobuldagi internet xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya vakillari optik tolali internet taxminan 20 kun oldin to‘xtatilganini aytgan. Ular Aloqa vazirligiga murojaat qilgan bo‘lsa-da, buyruq to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qandahordan kelgani aytilgan. Balx viloyati hokimi Muhammad Yusuf Vafa internet kompaniyalari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda bu cheklov «Tolibon» yetakchisi Haybatulloh Ohundzoda buyrug‘i ekanini ma’lum qilgan. Rasmiylar bunday chora «axloqsizlikning oldini olish» vositasi sifatida asoslanmoqda.

Ular oldin ham TikTok, PUBG kabi ilovalarga hamda pornografik saytlarga kirishni taqiqlashni buyurgandi. Ammo xizmat ko‘rsatuvchilar filtratsiya xarajatlari oyiga 50 mingdan 100 ming dollargacha tushishini, shuning uchun bu ilovalarni to‘liq bloklay olmaganliklarini ma’lum qilgan. Manbalarga ko‘ra, endilikda Oxundzoda yuqori tezlikdagi internetni butunlay to‘xtatish orqali jamoatchilik fikrini nazorat qilishga urinmoqda. Yangi siyosat bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Optik to‘r ishlamaganidan keyin mamlakatda internet tezligi o‘rtacha 40 Mbit/s dan 4–6 Mbit/s gacha tushgan.

NetBlocks ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda dunyo bo‘yicha 54 davlatda 296 marta internet cheklovi qayd etilgan. Tahlilchilar Afg‘onistondagi yangi siyosat shaharlarda savdo-sotiq, ta’lim va madaniy hayotga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Tolibon Afg‘onistonni internetsiz qoldirdi | Vaqt.uz