
To‘qayev BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilishni taklif etdi
29.05.2025 | 22:007893
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev BMT Xavfsizlik Kengashini tubdan isloh qilish va kengroq mintaqaviy vakillikni joriy etishni taklif qildi. Uning fikricha, dunyo taqdiriga daxldor qarorlar faqat bir necha davlat tomonidan qabul qilinishi to‘g‘ri emas.

Qasim-Jomart To‘qayev 29 may kuni «Astana» xalqaro forumida so‘zga chiqib, BMT Xavfsizlik Kengashining hozirgi tuzilishi zamonaviy dunyo haqiqatlariga mos kelmasligini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, global ahamiyatga ega qarorlar faqat bir necha davlat tomonidan qabul qilinishi insoniyat manfaatiga ziddir.
«Milliardlab insonlarga ta’sir ko‘rsatuvchi tanqidiy qarorlarni faqat oz sonli davlatlar qabul qilishi noto‘g‘ri. Shuning uchun Qozog‘iston BMT Xavfsizlik Kengashini kengaytirishni va mintaqalar kesimida adolatli vakillikni yo‘lga qo‘yishni qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi To‘qayev.U BMTning 80 yilligi munosabati bilan tarixiy misollarni keltirib, 1945 yilda 51 davlat tomonidan tuzilgan ushbu tashkilot bugungi kunda 193 a’zo mamlakatni o‘z ichiga olgan global tuzilmaga aylanganini eslatdi. Shunga qaramasdan, prezident ta’kidlashicha, asosiy tuzilmalar, ayniqsa Xavfsizlik Kengashi, o‘tgan 80 yil mobaynida deyarli o‘zgarmagan. Bu esa BMTga nisbatan ishonch va tashkilot samaradorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tokayev o‘z nutqida BMTning mavjud institutsional strukturasi bilan zamonaviy global muammolar o‘rtasidagi nomutanosiblikni bartaraf etish zarurligini qayd etdi. Uningcha, aynan mana shu islohlar orqali BMT o‘z dolzarbligini saqlab qolishi va real dunyo manzarasini to‘g‘ri aks ettirishi mumkin.





