
To‘qayev: Prezident xudoning vakili emas, xalq yollagan boshqaruvchidir
02.06.2025 | 12:2010804
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Al Jazeera»ga bergan intervyusida tashqi siyosat, notenglik, inson huquqlari va kelajak islohotlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qat’iy bayonotlar berdi.

Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Al Jazeera» telekanaliga bergan suhbatida 2022 yilda xalqqa berilgan va’da hamon amalda ekanini va islohotlar jarayoni pandemiya va Ukrainadagi urush sabab sekinlashganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat adolat va inklyuzivlikka asoslangan yo‘ldan qaytmaydi.
To‘qayev tashqi siyosat masalasida Qozog‘iston Rossiya va Xitoy kabi qo‘shnilar hamda G‘arb o‘rtasida muvozanatni saqlashini bildirdi. U Rossiyani strategik hamkor sifatida ta’riflar ekan, KTK – Kaspiy quvur konsorsiumi orqali neft eksportini kelajakda ham davom ettirishni muhim deb hisoblashini aytdi.
Iqtisodiy o‘sish borasida To‘qayev YAIM so‘nggi 5 yilda 55 foizga o‘sganini qayd etdi, biroq notenglik muammosini tan oldi. Unga ko‘ra, aholining 1 foizi mamlakat boyliklarining 30 foizini nazorat qilmoqda, bu esa jiddiy muammodir va 2029 yilgacha bartaraf etilishi kerak.
Siyosiy islohotlar borasida To‘qayev YeXHT tanqidlarini rad etdi va Qozog‘iston tashqi bosimga emas, ichki strategiyaga asoslangan siyosat yuritishini ta’kidladi. U matbuot va siyosiy partiyalar faoliyatida ham ochiqlikni ta’minlashga urg‘u berdi, biroq qonun ustuvorligidan chekinmasligini bildirdi.
Sobiq prezident Nursulton Nazarboyev haqida so‘ralgan savolga To‘qayev muvozanatli javob qaytardi. U 2022 yilning o‘zida davlatga 1,2 milliard dollardan ziyod mablag‘ qaytarilganini ta’kidlab, barqarorlikni eng muhim ustuvorlik sifatida ko‘rsatdi.
Suhbat yakunida To‘qayev prezidentlik muddatini 2029 yilda tugatishini yana bir bor tasdiqladi va o‘zining vazifasini xalq tomonidan tayinlangan menedjer sifatida baholadi: «Prezident — xudoning vakili emas», — dedi u.





