add

To‘rtta davlat bankini sotish keyinga qoldirildi

30.07.2025 | 21:3016923

O‘zbekiston hukumati to‘rtta yirik davlat bankini – «O‘zsanoatqurilishbank», «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank»ni 2025 yildan keyingi davrda xususiylashtirishni rejalashtirmoqda.

To‘rtta davlat bankini sotish keyinga qoldirildi
O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasida to‘rtta davlat bankini xususiylashtirish bo‘yicha rejalar kechiktirilishini ma’lum qildi. Gap «O‘zsanoatqurilishbank», «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank» haqida ketmoqda. Hujjatda aytilishicha, xususiylashtirish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi: dastlab banklar institutsional jihatdan isloh qilinadi, so‘ngra davlat ulushi bosqichma-bosqich sotiladi. Jumladan, «O‘zsanoatqurilishbank»ni to‘liq xususiylashtirish 2025–2026 yillarda amalga oshirilishi kutilsa, qolgan uch bank bo‘yicha bu jarayon 2026–2027 yillarga belgilangan. Shu bilan birga, hukumat ayrim davlat banklarini xususiylashtirmaslikka qaror qilgan. Jumladan, «Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki», «Agrobank», «Xalq banki», «Mikrokreditbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» davlat ulushi saqlangan holda faoliyat yuritishda davom etadi. Ushbu banklar aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga moliyaviy xizmatlarni yetkazish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va bank xizmatlarining hududiy qamrovini oshirishga qaratilgan vazifalarni bajaradi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi bank tizimi aktivlaridagi davlat ulushini 40% gacha kamaytirish uchun hukumatni davlat banklarini xususiylashtirish jarayonini tezlashtirishga undagan. Jamg‘armaning fikricha, bu moliyaviy barqarorlikni oshirish va iqtisodiyotda resurslarni samarali taqsimlash imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid