add

Toshkent–Chinorkent elektropoyezd narxlari 50 foizga oshmoqda

12.09.2025 | 20:0031358

25 sentyabrdan Toshkent – Chinorkent yo‘nalishi bo‘yicha chipta narxlari ko‘tariladi. Asosiy sabab sifatida elektr energiyasi tariflarining oshirilishi ko‘rsatilmoqda.

Toshkent–Chinorkent elektropoyezd narxlari 50 foizga oshmoqda
Toshkent — Chinorkent — Toshkent ekspress elektropoyezdlar uchun chipta narxlari oshirilmoqda. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ xabar berdi.   Narxlar qancha bo‘ladi? 

Toifa

Avvalgi narx (so‘m)

Yangi narx (so‘m)

Kattalar

20 000

30 000

Yosh bolalar

11 500

16 500

Hisob-kitoblarga ko‘ra, kattalar uchun chipta narxlari 50 foizga, bolalar uchun esa 43,5 foizga oshgan. Yangilangan narxlar 25 – sentyabrdan amal qiladi. Vaqt.uz jurnalisti chipta narxlari oshish sabablari yuzasidan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot kotibi Alisher Boltaboyevga murojaat qildi. Matbuot kotibi Vaqt.uz’ga elektropoyezd chiptalari qimmatlashishi haqida ma’lumotnoma taqdim etdi. Unga ko‘ra, asosiy omil — energiya resurslari narxining oshishi. Xususan, 2025 yil 1 maydan elektr energiyasi tariflari rasmiy ravishda 33 foizga ko‘tarilgan. Natijada yo‘lovchi tashish xarajatlari ortib, bir yo‘lovchini tashish uchun o‘rtacha 120 ming so‘m sarflanmoqda. Tariflar nafaqat elektropoyezdning chipta narxlari, balki inflyatsiya ko‘rsatkichlariga ham sezilarli ta’sir qilayotgani haqida yozgan edik. Shu bilan birga, aholi orasida ham bu yo‘nalishdagi xavotir kuchli.    Umumiy xarajatlar qancha? Vaqt.uz’ga taqdim qilingan ma’lumotnomaga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki 6 oyi davomida «Toshkent — Chinorkent — Toshkent» yo‘nalishida harakatlanuvchi tezyurar elektropoyezdning xarajatlari quyidagicha:

Tasnif

Miqdor

1 yo‘lovchi uchun xarajat 120 ming 717 so‘m
Infratuzilma xarajatlari 7 mlrd 577 mln 760 ming 480 so‘m
MCHJ xarajatlari 2 mlrd 98 mln 190 ming 862 so‘m
Xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni 80 ming 154 nafar
Jami daromad 1 mlrd 548 mln 242 ming so‘m
Jami xarajatlar 9 mlrd 675 mln 951 ming 342 so‘m
Jadval «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ yuborgan ma’lumotnoma asosida tayyorlandi. «Aholiga ortiqcha yuk tushirmaslik uchun davlat tomonidan yo‘lovchi tashishdan ko‘rilgan zararlar qoplab berilmoqda. Xususan, har bir yo‘lovchi uchun 90 ming so‘m xarajatni davlat o‘z zimmasiga olgan. Chipta narxi haqiqiy xarajatga nisbatan to‘rt baravar arzon bo‘lib qolmoqda», — deyiladi ma’lumotnomada. Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yanvar oyida Chinorkentda yangi temir yo‘l bekati foydalanishga topshirilgan edi. Shu maqsadda Xo‘jakentdan Chinorkentga shahar atrofi qatnovini ta’minlash uchun 1,5 kilometr uzunlikdagi yangi bir izli temir yo‘l tarmog‘i qurib bitkazilgan. 28 mart kunidan boshlab esa Guliston – Toshkent — Chinorkent — Toshkent — Guliston yo‘nalishi bo‘yicha shaharlararo tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.   Poyezd chiptalari narxining oshishi xronologiyasi O‘zbekistonda 2025 yil 1 fevraldan barcha turdagi yo‘lovchi poyezdlarida chipta narxlari oshdi. Xususan, «Afrosiyob» 25 foizga, «O‘zbekiston», «Sharq», «Nasaf» poyezdlari chiptasi 30 foizga qimmatlagan. Tezyurar bo‘lmagan (yotoqli) poyezd chipta narxlari 10,5 foizga ko‘tarildi. Oxirgi 2 yilda «Afrosiyob» chiptalari narxi kamida 200 foizga oshgan. Xususan, 2023 yil oktyabrda 100 foizga, 2024 yil 20 yanvardan 20 foizga hamda 2024 yil 15 maydan ekonom klass 20 foizga, biznes klass 30 foiz hamda VIP klass 40 foizga oshgan. Bu holatga sabab sifatida kredit majburiyatlari, elektr energiyasi narxining oshishi, texnik ko‘rik hamda infratuzilma xarajatlari qayd etilgan.  Narxlar oshganiga qaramasdan, hali ham poyezdga bilet topish muammoligicha qolmoqda. [caption id="attachment_16783" align="aligncenter" width="633"]Poyezd 01 Manba: Railways.uz[/caption] Masalan, Toshkent – Navoiy yo‘nalishida 13 sentyabr kuniga ko‘ra «Afrosiyob» poyezdi uchun chiptalar umuman qolmagani ko‘rinib turibdi. Faqatgina yo‘lovchi poyezdlaridagina bo‘sh joylar saqlanib qolgan. [caption id="attachment_16784" align="aligncenter" width="633"]Poyezd 02 Manba: Railways.uz[/caption] 14 sentyabr holatiga ko‘ra, Toshkent – Buxoro yo‘nalishidagi «Afrosiyob» poyezdida atigi 11 ta o‘rin qolgan. Ular ham faqat Biznes va VIP klassdagi joylar bo‘lib, chipta narxlari aholi uchun qanchalik qulay ekani esa savol ostida qolmoqda. Elektr energiyasi va infratuzilma xarajatlarining o‘sishi poyezd chiptalari narxlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmoqda. Narxlar oshganiga qaramasdan, «Afrosiyob» kabi yo‘nalishlarda talab yuqori bo‘lib, chipta topish hali ham qiyin. Mahliyo Hamidova tayyorladi          

Teglar

Mavzuga oid