add

Toshkent—Chorvoq yo‘lining xavfli uchastkalarida ruxsat etilgan tezlik pasaytirilmoqda

Bugun 07:552 daqiqa

Toshkent viloyatining Chorvoq suv omboriga eltuvchi yo‘lida avtohalokatlar ko‘paygan sababli yo‘nalishda ayrim uchastkalarda ruxsat etilgan tezlik cheklanmoqda.

Toshkent—Chorvoq yo‘lining xavfli uchastkalarida ruxsat etilgan tezlik pasaytirilmoqda

Toshkent—Chorvoq avtomobil yo‘lining ayrim uchastkalarda harakat tezligi 100 km/hʼdan 80 kmʻhgacha pasaytiriladi. Bu haqda Toshkent viloyati xalq deputatlari Kengashi qaror qabul qildi. Cheklov avtohalokatlar soni yuqori bo‘lgan joylarga taalluqli.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, davlat ahamiyatidagi Bektemir—Chirchiq—G‘azalkent—Chorvoq avtomobil yo‘lining 19–74-kilometrlari oralig‘ida 2025 yil davomida 63 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Ushbu avariyalarning asosiy sababi — belgilangan tezlik rejimining buzilishi.

Yo‘l-transport hodisalari oqibatida 15 nafar inson halok bo‘lgan, yana 50 kishi turli darajada tan jarohati olgan. Bu ko‘rsatkichlar mazkur yo‘nalishda harakat xavfsizligini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatgan.

Qaysi uchastkalarda cheklov bo‘ladi?

Qarorga muvofiq, 4R-12 avtomobil yo‘lining aholi punktlaridan tashqari joylashgan oltidan ortiq uchastkalarida maksimal ruxsat etilgan tezlik 80 km/h etib belgilandi. Bu chora asosan harakat oqimi zich va avtohalokat xavfi yuqori bo‘lgan nuqtalarni qamrab oladi.

Yuqori Chirchiq tumani hududida cheklov 19–20-kilometrlarda, ya’ni Bektemir va Chirchiq oralig‘ida joriy etildi. Bo‘stonliq tumanida esa 44–45, 49–50, 52–53, 61–62, 64–65 hamda 71–74-kilometrlar oralig‘ida tezlik tushirildi. Oxirgi uchastkalar G‘azalkentdan keyin Chorvoq tomon harakatlanuvchi transport oqimiga taalluqli.

Mazkur cheklovlar belgilangan yo‘l belgilarini yangilash va nazoratni kuchaytirish orqali amalga oshiriladi.

Xavfsizlik ustuvor

Mutasaddilarga ko‘ra, qarorning asosiy maqsadi — yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va og‘ir oqibatli avariyalar sonini kamaytirish. Chorvak yo‘nalishi dam olish mavsumida eng yuklama yuqori bo‘lgan trassalardan biri hisoblanadi.

Tezlikni pasaytirish transport harakatini sekinlashtirishi mumkin, ammo mutaxassislar bu chora inson hayotini saqlab qolish nuqtai nazaridan muhim ekanini ta’kidlamoqda. Kelgusida ushbu yo‘nalishda qo‘shimcha muhandislik yechimlari va raqamli nazorat vositalarini joriy etish ham istisno qilinmaydi.

Avvalroq «Mashinasozlar» bekatidan Chorvoqqa avtobus qatnovi to‘xtatilgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid