
Toshkent fond birjasidagi savdolar 17 barobarga oshdi
17.07.2025 | 18:4530624
2025 yilning birinchi yarmida Toshkent fond birjasidagi umumiy savdo hajmi 12,02 trln so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 barobar ko‘p. Savdolar hajmi ortishiga qaramasdan, bitimlar soni kamaygan.

Toshkent fond birjasi 2025 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha hisobot e’lon qildi. Unga ko‘ra, umumiy savdo hajmi 12,02 trln so‘mni tashkil etdi. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 11,3 trln so‘mga ko‘p bo‘lib, 17 barobar o‘sishni anglatadi.
Birja ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mablag‘ning 48,26 foizi, ya’ni 5,8 trln so‘mi, kotirovka varoqchasiga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar orqali amalga oshirilgan. Qolgan qism esa birjadan tashqari bozordagi bitimlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, umumiy savdolar hajmi ortganiga qaramasdan, bitimlar soni pasaygan. Jami 214,8 ming bitim amalga oshirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 59,5 mingtaga kam. Ularning 181,9 mingtasi aksiyalar, 32,9 mingtasi esa birjadan tashqari savdolarga to‘g‘ri kelgan.
Aksiyalar bozorida savdolar hajmi 5,31 trln so‘mga yetdi. Bu 4,92 trln so‘mga yoki 14 barobarga oshgan. Bozordagi bitimlarning aksar qismi — 5,1 trln so‘m — FoP platformasi orqali amalga oshirilgan. Aksiyalarning bozor kapittalizatsiyasi 354,2 mlrd so‘mga o‘sib, 242,77 trln so‘mga yetdi.
Obligatsiyalar bozorida esa savdolar hajmi 493,1 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 barobarga oshgan. Obligatsiyalarning umumiy bozor qiymati 1,46 trln so‘mga teng bo‘ldi.
Birjadan tashqari savdo maydonchasida 32,9 mingta bitim amalga oshirilib, savdolar hajmi 6,22 trln so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 17,3 foiz va 23 barobarga oshishni ko‘rsatadi.





