Toshkent hayvonot bog‘i pandemiyadan beri birinchi marta zararga kirdi

04.03.2026 | 22:412 daqiqa

Kirish chiptalari narxi oxirgi marta 2024-yilda oshirilgandi. Bog‘ aynan o‘sha yili rekord darajada foyda qilgan.

Toshkent hayvonot bog‘i pandemiyadan beri birinchi marta zararga kirdi

Toshkent hayvonot bog‘ining Afrika sheri — Aleks

2025-yilda Toshkent hayvonot bog‘i 784 mln so‘m sof zarar ko‘rdi. Bu haqda Vaqt.uz'ga bog‘ moliyaviy hisobotidan ma’lum bo‘ldi. 

O‘tgan yildagi zarar hayvonot bog‘i uchun 2020-yildan beri birinchi bor yilni zarar bilan yopish sifatida qayd etildi. O‘sha yili pandemiya sabab o‘zbekistonliklar karantinga olingandi va bu davrda bog‘ faoliyati vaqtincha to‘xtagan. 

2025-yilgi zararga bog‘ning xarajatlari ko‘payib, daromadi pasaygani sabab bo‘ldi. 2024-yilda rekord darajada foyda olingandi — 3,1 mlrd so‘m . 


Toshkent hayvonot bog‘i o‘tgan yili 2024-yilga nisbatan 2,2 mlrd so‘mga kamroq — 28,3 mlrd so‘m daromad ko‘rgan. Biroq, bog‘ xarajatlari 2,9 mlrd so‘mga ko‘payib, 26,1 mlrd so‘mni tashkil qilgan. 

Bog‘ning 2025 yilni zarar bilan yakunlashi kirish chiptalari uchun narxni oshirishni talab qilishi mumkin. Narxlar oxirgi marta 2024 yilning aprelida oshirilgandi. 

Ayni paytda Toshkent hayvonot bog‘iga kirish narxi quyidagicha:

16 yosh va undan kattalar — 40 000 so‘m;

7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar — 25 000 so‘m;

pensionerlar uchun — 25 000 so‘m;

muddatli harbiy xizmatchilarga — 25 000 so‘m;

yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar — bepul;

imkoniyati cheklangan shaxslar — bepul.

Teglar

Mavzuga oid