
Toshkent maktablarida niqob taqish majburiy emas — SSV
Sog‘liqni saqlash vazirligi maktablarda niqob taqish rejimi joriy etilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 30 oktyabrdan boshlab maktab o‘quvchilari uchun tibbiy niqob taqish majburiy qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu ma’lumot jamoatchilik orasida turli talqinlarga sabab bo‘ldi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov mazkur xabarlarni rad etar ekan, tarqalgan ma’lumotlar noto‘g‘ri talqin qilinganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, asos sifatida ko‘rsatilgan hujjat — Bosh davlat sanitariya shifokorining 26 sentyabrdagi qarori — har yili mavsumiy gripp va o‘tkir respirator kasalliklar avj olishidan oldin qabul qilinadigan odatiy qaror hisoblanadi.
Nurmat Otabekov ta’kidlashicha, hujjatda niqob taqish talabi epidemik vaziyat murakkablashgandagina amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.
Hozirgi paytda mamlakat bo‘yicha vaziyat barqaror bo‘lib, maktablarda niqobni ommaviy tarzda taqish zarur emas. Faqat guruh yoki sinfda kasallangan bolalar aniqlangan hollarda, o‘sha joylarda ehtiyot chorasi sifatida niqobdan foydalanish tavsiya etiladi.
Shu bilan birga, mutaxassislar havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan kasalliklar mavsumlarida ijtimoiy masofani saqlash va uzoq muloqotda bo‘lganda niqob taqishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur qarorni barcha maktablar uchun majburiy tartib sifatida emas, balki mahalliy epidemiologik sharoitdan kelib chiqib amalga oshiriladigan tavsiyaviy hujjat sifatida qabul qilish zarurligini eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq SSV bolalar orasida «g‘ayriodatiy infeksiya» tarqalayotganini rad etgan edi.





