
Toshkent metrosida tug‘ilgan chaqaloq va onasi umrbod metrodan bepul foydalanadi
07.10.2025 | 18:2046982
«G‘afur G‘ulom» metro bekatida dunyoga kelgan chaqaloq va uning onasiga Toshkent metropoliteni rahbariyati butun umr bepul metrodan foydalanish huquqini beruvchi maxsus kartani topshirishni rejalashtirmoqda.

Toshkent metropoliteni matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, «G‘afur G‘ulom» bekatida chaqaloq tug‘ilishi metro tarixida noodatiy va esda qolarli voqea sifatida qayd etildi. Ona va bola uchun maxsus bepul yurish kartasi tayyorlanmoqda, ular butun umr davomida metropolitendan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar.
«Bu sovg‘a — metro xodimlarining fidoyiligi va insonparvarligi ramzi sifatida tarixda o‘z o‘rnini topadi», — deyiladi rasmiy bayonotda.
Shuningdek, xizmat davomida ogohlik va jasorat ko‘rsatgan navbatchi xodima Naima Maxamadjonova hamda jarayonda ishtirok etgan bir nechta metro xodimlari rahbariyat tomonidan rag‘batlantiriladi.





