
Toshkent metrosidan bir kunda 753 mingdan ziyod yo‘lovchi foydalanmoqda
2025 yilning yanvar–sentabr oylarida Toshkent metropoliteni orqali qancha yo‘lovchi tashilgani ma’lum qilindi.

2025 yilning 9 oyi davomida O‘zbekiston metropoliten tizimi orqali 205,7 million yo‘lovchi tashildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 14,4 million yo‘lovchiga ko‘p bo‘lib, 7,5 foiz o‘sish sur’ati kuzatildi.
Mazkur raqamlar aholining jamoat transportiga bo‘lgan talabining ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025 yilda har kuni o‘rtacha 753,5 ming yo‘lovchi metrodan foydalangan.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistondagi aviakompaniyalar orqali 6 mln 500 mingga yaqin yo‘lovchi tashilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 1,3 million yo‘lovchiga ko‘pdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metropolitenining «O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi» — xalq orasida «Yerusti halqa yo‘li» deyiladigan yo‘nalishi 1-noyabr kunidan boshlab faoliyatini to‘liq tiklagani haqida xabar bergandik.




