
Toshkent, Ostona va Bishkek suv-energetika muvozanatini kelishib oldi
08.09.2025 | 13:0043954
Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston energetika hamda suv xo‘jaligi idoralari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.

Taraflar To‘qto‘g‘ul suv omboridan suv chiqarish va elektr energiyasi yetkazib berish shartlari bo‘yicha 2026 yilgacha kelishuvga erishdi. Yig‘ilish yakunida mintaqada suv-energetik muvozanatni tartibga solishga oid qator protokollar imzolandi.
Eng muhim hujjat To‘qto‘g‘ul suv omboridan suv chiqarish majburiyatlarini, shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekistondan Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib berish shartlarini belgilab qo‘ydi. Shuningdek, Rossiyadan Qirg‘izistonga elektr energiyasini Qozog‘iston orqali tranzit qilish masalasi ham kelishib olindi. Bu choralar suv omborida zarur sathni saqlash va Qozog‘istonning janubiy oblastlariga suv ta’minotini kafolatlashga qaratilgan.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan, O‘zbekiston bilan Qozog‘istonga 2026 yil martdan dekabrgacha taxminan 900 mln kWh elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha protokol imzolandi. Bu hajm Qozog‘istonning janubiy energiya hududidagi rejalashtirilgan ta’mir ishlari davomida yuzaga keladigan tanqislikni qoplashga mo‘ljallangan.
Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenovning ta’kidlashicha, suv-energetika sohasida ish jarayonlari aniq grafik va qat’iy nazorat talab qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, imzolangan protokollar aniq raqamlar, muddatlar va narxlarni o‘z ichiga olgan ishchi hujjatlar bo‘lib, barqaror suv ta’minoti va energetik xavfsizlikning asosi hisoblanadi.
Kelishuvlar yaqinlashayotgan kuz-qish mavsumida xavf-xatarlarni kamaytirish, shuningdek, kelgusi vegetatsiya davri uchun suv zaxiralarini kafolatli yig‘ish imkonini beradi. Bu esa Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi uchun muhim omil sifatida baholanmoqda.





