
Toshkent–Pusan yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar boshlandi
23.06.2025 | 13:3045982
«Qanot Sharq»aviakompaniyasi Toshkent va Janubiy Koreyaning Pusan shahri o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.

Janubiy Koreyaning Pusan shahriga "Qanot Sharq" aviakompaniyasining ilk reysi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. "Dunyo" axborot agentligi xabar qilishicha, Pusandagi Kimxe xalqaro aeroportida samolyot an’anaga ko‘ra suv arkasi bilan qarshi olindi.
Reysning ochilish marosimida aeroport ma’muriyati va aviakompaniya vakillari ishtirok etdi. Tantanali tarzda qizil lenta kesilib, 285 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan reys uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlab berildi.
Mazkur yo‘nalishda muntazam parvozlar A-330 samolyotida chorshanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi. Ilgari Toshkentdan Pusanga uchish uchun Seul orqali tranzit parvoz amalga oshirilishi kerak edi. Bu esa qo‘shimcha vaqt va xarajat talab qilardi.
Yangi reys tufayli yo‘lovchilar Pusan shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ortiqcha vaqt sarflamasdan yetib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu o‘z navbatida sayohatni tejamli, qulay va samarali qiladi.





