
Toshkent shahar hokimligi qurilishi to‘xtatilgan tashkilotlarni onlayn tekshirish imkonini yaratdi
30.07.2025 | 12:302352
Toshkentda faoliyati to‘xtatilgan qurilish tashkilotlari bo‘yicha murojaatlar ko‘paygani sababli, shahar hokimligi aholi uchun maxsus onlayn tekshiruv xizmati ishga tushirdi. Endi har bir fuqaro qurilish kompaniyasi nomi orqali uning faoliyati to‘xtatilgani yoki yo‘qligini mustaqil aniqlash imkoniga ega.
Hokimiyat tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, onlayn xizmat orqali fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan tashkilotning huquqiy nomini — MCHJni aniq va lotincha shaklda kiritishi lozim. So‘rov natijasi bir necha soniya ichida taqdim etiladi.
Onlayn tekshiruv xizmati bepul bo‘lib, tashkilotlar ro‘yxati muntazam yangilab borilishi bildirildi. Biroq ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, ushbu jarayonni soddaroq qilishning o‘rniga, hokimiyat to‘liq ro‘yxatni ochiqlab qo‘yish o‘rniga mas’uliyatni fuqarolar zimmasiga yuklamoqda.
Avvalroq hokimlik ro‘yxatni tuman hokimliklariga havola qilgani, endi esa har bir fuqaro alohida izlanish olib borishi lozimligi tanqidlarga sabab bo‘ldi. Bu holat fuqarolarda hokimiyat va qurilish kompaniyalari o‘rtasida shaffoflik yetishmasligi haqida shubhalar uyg‘otmoqda.
Shu bilan birga, hokimiyat ushbu tashabbus orqali fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish va qurilish sohasidagi tartibni ta’minlashni ko‘zlayotganini ta’kidlamoqda.





