
Toshkent shahar sudi jurnalist Anora Sodiqovani yoqladi. Bloger Mirsaid Haydarov ma’naviy zarar uchun 25 mln so‘m tovon to‘laydi
21.07.2025 | 11:454555
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi jurnalist Anora Sodiqovaning bloger Mirsaid Haydarov ustidan kiritgan da’vo arizasi bo‘yicha yangi qaror chiqardi.

Bugun, 21 iyul kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Anora Sodiqova da’vosi yuzasidan birinchi instansiya sudi chiqargan qarorni bekor qildi. Bu haqda Vaqt.uz’ga jurnalistning advokati Abdumalik Abdullayev xabar berdi.
Advokatning bildirishicha, sud ish yuzasidan yangi qaror chiqarib, o‘z postlarida Anora Sodiqovaga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgan bloger Mirsaid Haydarovga (Mufassa) 25 mln so‘m ma’naviy zarar va 5 mln so‘m boshqa xarajatlarni qoplash majburiyatini yuklagan. Shuningdek, Mirsaid Haydarov jurnalistdan uzr so‘rab, postlarini o‘chirishi kerak bo‘ladi.
Anora Sodiqova Vaqt.uz muxbiri bilan suhbatda ushbu sud qarorini tasdiqladi va mahkamadan keyingi fikrlari bilan ham bo‘lishdi.
“Kimdir jurnalistlarni “jurnoja*ab” deya haqoratlashi va sud buni jazosiz qoldirishi butun mamlakat sud tizimi uchun katta sharmandalik edi. Bu shuningdek, O‘zbekiston hokimiyat tizimida ishlagan kishi borki, boshqalarni bemalol haqoratlashi mumkin, sudlar esa bunga yo‘l qo‘yib beradi, degani ham edi. Fikrimcha, bugungi sud qarori jamoatchilik orasida ana shu xulosalarni biroz bo‘lsa-da, o‘zgartiradi. Mana, bizda sudlarning ham yuzi bor ekan-ku, degan ishonchni uyg‘otadi. Bu qaror shuningdek, bugun O‘zbekistonda «oxirgi sort kishilari»ga chiqib qolgan jurnalistlar uchun ham xursandchilik”, dedi jurnalist.Anora Sodiqova shuningdek, Toshkent shahar sudining yangi qarori ham adolat to‘la qaror topdi, deyish uchun yetarli emasligini qo‘shimcha qildi.
«Sudning bugungi xulosasiga qaramay, adolat to‘la qaror topdi demagan bo‘lardim. Sababi, sud Toshkent viloyati hokimligi vakiliga jiddiyroq jazo tayinlashi kerak edi. Shu sabab, men ishni adolat to‘la qaror topishi uchun harakatni davom ettiraman. Ko‘ramiz, balki, avvalgi qarorni chiqargan sudyaning ustidan ham da’vo kiritishimz kerakdir. Men shuningdek, jarayonga e’tiborini qaratgan xalqaro tashkilotlar, jumladan, elchixonalarga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Umuman, ularni e’tibori bo‘ladimi, yo‘qmi, bundan haqorat jazosiz qolishi kerak emasdi. Men to‘xtamayman», – dedi jurnalist Anora Sodiqova.Ma’lumot uchun: shu yilning 28 may kuni FIB Shayxontohur tumanlararo sudi Anora Sodiqovaning da’vosini rad etgandi





