
Toshkent shahrida uy-joylar investitsiyadan daromad 4,5 barobarga kamaydi
22.05.2025 | 18:404583
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil aprelida Toshkentda ko‘chmas mulkka investitsiya kiritishdan olinadigan daromad 6,2 foizgacha pasaydi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 27,8 foizlik ko‘rsatkichga nisbatan 4,5 barobarga kam.

MHTI tahlillariga ko‘ra, ko‘chmas mulkdan daromad olishning asosiy manbalari — ijara to‘lovlari va narx o‘sishi orqali investitsiya qaytimi — so‘nggi bir yilda keskin pasaygan. 2025 yil aprelida kvartira ijarasidan o‘rtacha daromad 8,1 foiz bo‘lib, o‘tgan yildagi 10,9 foizga nisbatan pastroq ko‘rsatkich qayd etildi. Ko‘chmas mulkning o‘zi esa o‘rtacha 2,4 foizga arzonlashgan.
Investitsiya qaytimi tumanlarga ko‘ra keskin farq qilmoqda. Eng yuqori foiz Shayxontohurdagi 1 xonali xonadonlarda — 25,1 foiz, eng past ko‘rsatkich esa Mirobodda — 0,4 foiz bo‘ldi. Uchtepa, Olmazor va Yunusobod tumanlarida xonadonlar narxi 4–7 foizgacha pasaygan, bu esa investitsiya foydasini kamaytirdi.
Daromadlilikdagi pasayish 2 va 3 xonali uylar uchun ham yaqqol ko‘rinmoqda: Yakkasaroyda bu ko‘rsatkich 16 foiz atrofida saqlansa-da, Uchtepada 2 foizdan kam darajada bo‘ldi. 4 xonali uylarda esa pasayish yanada bilinarli — 3,3 foiz atrofida.
Ayni paytda milliy valyutadagi muddatli depozitlar 22 foiz bilan investitsiyaga nisbatan ancha foydali hisoblanmoqda. Xorijiy valyutadagi omonatlar esa 5,1 foizlik daromad bermoqda.





