
«Toshkent shahrining yer bilan bog‘liq muammolari bor» — Shavkat Umurzoqov
13.09.2025 | 10:0021013
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkent viloyatiga ko‘chiriladigan yirik korxonalar o‘rniga qanday loyihalar amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Toshkent shahrida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun hudud qolmagani sabab ayrim sanoat ob’ektlari Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi. Bo‘shagan maydonlarda xizmat ko‘rsatish va turizmga doir yangi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda shahar hokimi Shavkat Umurzoqov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Umurzoqovning ta’kidlashicha, poytaxt va viloyat hokimliklari o‘rtasida faol hamkorlik boshlangan. Masalan, Ohangaron suv ombori atrofidagi tog‘ hududida turizm zonasi tashkil etilib, infratuzilma qurilishi orqali yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Zoyir Mirzayevning ma’lumoticha, ushbu loyiha doirasida 700 ish o‘rni, mehmonxonalar va turizm infratuzilmasi barpo etiladi.
Shuningdek, Parkent va Bo‘stonliq tumanlarida ham turizm va xizmat ko‘rsatishga doir yirik loyihalar amalga oshirilishi taklif etilmoqda. Umurzoqovga ko‘ra, hozirning o‘zida 1 mlrd dollar qiymatidagi 105 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ular orqali 60 mingga yaqin ishchi o‘rinlari yaratiladi.
Prezident 11 sentyabrdagi yig‘ilishda Toshkent shahrini viloyat tumanlari bilan tezyurar elektr poyezdlari orqali bog‘lash topshirig‘ini berdi. Buning natijasida hududlarda uy-joy va xizmatlarga talab ortishi, aholining poytaxtga qatnab ishlashi uchun qulaylik yaratilishi kutilmoqda.





