add

Toshkent tumanida 45 ming aholi uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlandi

17.08.2025 | 12:2038434

Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobiga amalga oshirilgan yirik loyiha doirasida Toshkent tumanida ikki yirik suv taqsimlash inshooti ishga tushirildi.

Toshkent tumanida 45 ming aholi uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlandi

Toshkent viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar samarasi ko‘rina boshladi. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ishtirokida amalga oshirilayotgan suv ta’minotini rivojlantirish dasturining dastlabki bosqichi doirasida tumanning «Oltintepa» va «Umarova» suv taqsimlash inshootlari foydalanishga topshirildi.

«O‘zsuvta’minot» AJ xabariga ko‘ra, loyihaning beshinchi paketida jami to‘qqizta suv taqsimlash inshootini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, 230 kilometrga yaqin quvur tarmog‘ini tortish belgilangan edi. Ushbu ishlar orqali 33 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 123 ming aholining suv ta’minoti yaxshilanishi ko‘zda tutilgan.

Yangi qurilgan ob’ektlar orasida «Oltintepa»da ikkita 3000 metr kublik suv saqlash hovuzi hamda 50 kilometrlik quvur tarmog‘i, «Umarova»da esa 3000 metr kublik hovuz va 25 kilometrlik tarmoq barpo etildi. Tuman aholisining uzoq yillar davomida eng katta muammosi bo‘lib kelgan ichimlik suvi masalasi ana shu ob’ektlar yordamida hal qilinmoqda.

Ochilgan inshootlar orqali «Oltintepa», «Shamsiobod», «Diydor», «Ko‘hinur», «Ko‘ksaroy», «Sohibkor», «Nurhayot», «Zargar», «Majnuntol», «Xiyobon» va «Obodlik» mahallalarida yashovchi qariyb 45 ming aholiga uzluksiz ichimlik suvi yetkazib beriladi. Ilgari bu hududda suv faqat haftasiga ikki kun, belgilangan soatlarda berilardi.

Marosimda tuman hokimi Sardorbek Ergashev, «Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ rahbariyati, qonunchilik va mahalliy kengash deputatlari, jamoatchilik faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Ularning ta’kidlashicha, OTB mablag‘lari hisobidan qurilgan bu inshootlar nafaqat suv manbai, balki aholi uchun yangi imkoniyat va farovonlik ramziga aylanadi.

Teglar

Mavzuga oid